“Saxovat va ko‘mak”: Deputatlar tashabbusdan chetda emas

Prezidentimiz ilgari surgan “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati deputatlarning ham ezgu ishlarga qo‘shilishiga turtki berdi. Rost-da, senga ishonib, suyanch bo‘ladi deb saylagan aholini qiyin kunda yolg‘izlatish deputatman, degan kishining ishi emas.
Bugungi sinovli kunlarda ezgu niyatni ko‘ngliga tukkan xalq vakillaridan biri - Samarqand shahridagi “SAMARKAND APPAREL” xorijiy korxonasi bosh direktori, viloyat Kengashi deputati Aziz Ahrorovdir. U Samarqand shahridagi Sarbon mahallasida yashovchi 4 nafar ehtiyojmand oilaga “Golland” zotli tovuqlar va 300 kilogrammdan omixta yem yetkazib berdi.
***
- Davlatimiz rahbari saxovatpesha insonlarni ehtiyojmand oilalarga ko‘maklashishga chaqirdi, - deydi xalq deputatlari viloyat kengashi deputati Shahnoza Nurmo‘minova. - Ha, ehson qilsangiz ruhan yengil tortasiz. Bu amaldan yaxshilik ko‘rgan inson ham sevinadi. Dilida muhabbat paydo bo‘ladi. Ayniqsa, Ramazon oyida ko‘rsatilgan mehr-muruvvat, xayr-saxovatning savobi yanada ulug‘dir.
Sh.Nurmo‘minova Past Darg‘om tumanidagi g‘isht ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Davr» oilaviy korxonasi rahbari Abdulla Xudoyberdiyev bilan birga Zangiboyi mahallasida yashayotgan kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar oldi.
Ushbu mahallada istiqomat qilib kelayotgan 15 xonadonga go‘sht, yog‘, un, makaron kabi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.
***
Past Darg‘om tuman kengashi deputati Feruz To‘rayev esa karantin paytida aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish maqsadida tumanning o‘ndan ziyod mahallalariga arzonlashtirilgan narxlarda mahsulot yetkazib berdi.
Biqiniga ko‘chma do‘kon deb yozilgan 4 ta «Damas» rusumli avtoulovda olis qishloqlarda yashovchi aholi uchun 14 xildagi ro‘zg‘or uchun zarur mahsulotlar yetkazib berildi.
- Kartoshkani 3,5 ming so‘mdan, piyozni 2,5 ming so‘mdan, pomidorni 8 ming so‘mdan oldim, - deydi Olmazor mahallasida yashovchi Nargiza Boynazarova. - Bozordan arzon va sifatli. Rahmat tashkilotchilarga.