“Saxovat va ko‘mak” harakati muammoga o‘ziga xos yechim bo‘lishi kerak

So‘nggi uch oy ichida butun dunyoni pandemiya tahlikasi egallab oldi. Xastalik sabab ko‘plab qurbonlar berilishi mumkinligi ijtimoiy-siyosiy maydonni tashvishga solayotgan yagona xadik emas. Ko‘pchilik davlatlar uchun oldinda pandemiyadan so‘ng falajlanib qolgan iqtisodni tiklash, karantin davrida bor zaxirasini sarflab, kambag‘allik holiga tushib qolgan aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash muammosi turibdi.

Darhaqiqat, dunyo bugun pandemiya oqibatlariga qarshi turlicha usullar bilan kurash olib bormoqda. Olaylik, AQSh, Rossiya va Qozog‘iston o‘z fuqarolarga qaytarib berish shartisiz pul mablag‘lari ajratishni yo‘lga qo‘ydi. Bunda fuqaroga ma’lum miqdorda pul byudjetdan ajratiladi. Natijada, fuqarolar ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi. O‘z navbatida, aholi xarid qobiliyati tushib ketishining oldi olinadi. To‘g‘ri, ushbu chora ikki tomonlama ta’siri va oddiyligi bilan e’tibor tortadi. Ya’ni, aholi pulsiz qolmaydi, ehtiyoji uchun zarur mahsulotlarni xarid qilishda davom etadi. Tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsuloti sotilmay, kasod bo‘lishining oldi olinadi.

Ammo bu yo‘lning qator bahstalab jihatlari ham yo‘q emas. Olaylik, byudjetdan ajratilgan pul mablag‘lari haqiqatda muhtojlarga to‘liq yetib borishini nazorat qilish imkonsiz. Bu esa korrupsiyaga yo‘l ochilishi tayin. Qolaversa, pul shaklida olingan yordam boqimandalik kayfiyatini yuzaga keltirishi ham mumkin.

Prezidentimiz ushbu masalada o‘ziga xos yo‘lni taklif qildi. Shu tariqa “Saxovat va ko‘mak” umummilliy harakatiga asos solindi.

Uning mohiyati ikki tomonlama ko‘rinadi.

Birinchidan, tadbirkorlar imkoniyati yetganicha ehtiyojmand oilalarni otaliqqa oladi. Ularni ma’lum vaqt (hozircha uch oylik) oziq-ovqat va birlamchi ehtiyoj mahsulotlari bilan ta’minlaydi. Zarur hollarda, ularga dori-darmon, kommunal to‘lovlar uchun ham ko‘mak berishi mumkin. Eng asosiysi, ehtiyojmandlarni o‘z-o‘zini ta’minlashga o‘rgatadi. Bu ishga joylashtirish, kasanachilikni va tomorqadan foydalanishda ko‘maklashish, tadbirkorlikka o‘rgatish shakllarida bo‘lishi mumkin.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari esa haqiqatda ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantiradi. Ayni paytda tumanimizda bu ro‘yxatga 2 mingdan ortiq oilalar kiritilgan. Jarayonda hokimlik bir jihatdan yutadi. Ya’ni, tadbirkorga ehtiyojmandlarni aniqlab berish bilan funksional vazifasi hisoblangan kambag‘allikni kamaytirish sari samarali qadam tashlaydi. Huddi bir o‘q bilan ikki quyonni urgandek. “Saxovat va ko‘mak” umummilliy harakatining hududlarda rivojlantirishga mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda tuman hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘rinbosari ma’sul etib belgilangani bejiz emas.

O‘z-o‘zidan savol tug‘ilishi tabiiy. Tadbirkorchi? Ular bu siyosatdan qanday manfaat topadi?

Tadbirkorlarga davlat tomonidan qo‘shimcha imtiyoz olish huquqi taqdim etilyapti. Soliq ta’tillari, kredit muddatlarini uzaytirish, kommunal xizmatlardan qarzdorlikni vaqtincha to‘xtatib turish kabilarda namoyon bo‘lishi mumkin.

Shu o‘rinda bir jihatga e’tibor qaratish o‘rinli.

Prezidentimiz 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida “Saxovat va ko‘mak” umummilliy harakatiga qo‘shilgan tadbirkor sarflagan mablag‘idan ikki hissa imtiyozga ega bo‘lishi aytildi. Ya’ni, agar 10 ta oilani 3 oy davomida otaliqqa olgan bo‘lsa, ularning moddiy ta’minoti uchun o‘rtacha 21 million sarflaydi. Davlat tomonidan unga o‘zi tanlagan (soliq ta’tili, kredit tanaffusi kabi) yo‘nalishda 42 million so‘mlik imtiyoz taqdim etiladi.

O‘z-o‘zidan ko‘rinadiki, pandemiya sharoitida butun dunyo bosh qotirayotgan muammoga O‘zbekiston o‘ziga xos yo‘l bilan yechim topdi. Ayni paytda umumxalq harakati joylarda keng yoyilmoqda.

Ammo bir jihatni ham unutmasligimiz kerak. Ertaga uning qanchalik samara berishi bizning bugungi fidoyiligimiz, mehnatsevarligimizga bog‘liq.

Sardor LUQMONOV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi tinglovchisi.