Saxovatpesha tadbirkorlar mahalla ahliga zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi

Yangi hayot MFY Samarqand shahrining eng chekka qismida, “Darg‘om”  kanali qirg‘og‘iga tutash manzildagi navqiron maskan. Mavjud 526 ta oila istiqomat qilayotgan mazkur mahalla keyingi yillarda bir qadar obodonlashtirildi. “Siyob non” MChJ korxonasi rahbarlari tashabbusi bilan Yangi hayotdagi 26 xonadon sohiblariga homiylik yordami yetkazib  berildi.

-  Ikki nafar farzandim bor, - deydi, oila bekasi Shahnoza Odilova -   turmush o‘rtog‘im karantin tufayli ishlamayapti. Mana bizga tadbirkor To‘ychi aka Sa’dullayev va Shodiqul bobo Nuriddinovlar bir oyga yetadigan un, guruch, o‘simlik yog‘i, makaron va go‘sht mahsulotlar jo‘natibdi. Sira kam bo‘lishmasin.

Tadbirkorlar “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida  belgilangan xonadonlar oila a’zolari soniga  qarab, ularning  ro‘zg‘origa 950 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha qiymatdagi zaruriy oziq-ovqat  mahsulotlari yetkazib berishdi. Albatta, bu ishlar karantin talablariga  qat’iy  rioya etilgan holda amalga oshirildi.

Saxovatpesha tadbirkorlar Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Samarqand tumani markazidagi Hoja Ahrori Vali qabristonida ham obodonlashtirish ishlariga homiylik qilishga bel bog‘lagan.

Dilmurod DO‘STMURODOV,

jurnalist.