Saydulla Rasulov: “Shirin zahar”ning inson organizmiga 70 dan ortiq zararli xususiyatlari aniqlangan
Birinchidan, shakar energiya manbai, organizmga tushganda shakar glyukozaga aylanadi va energiya uchun sarflanadi. Jismoniy zo‘riqishlarda, ayniqsa kunning issiq yoki sovuq kunlarida dalada og‘ir mehnat qilish, sport bilan shug‘ullanishda shakar iste’mol qilinsa energiyaga bo‘lgan ehtiyoj tezda bartaraf etiladi. Aqliy mehnat bilan mashg‘ul kishilarda ham bosh miyaning uglevodlarga bo‘lgan ehtiyoji ortadi va shirinliklar iste’mol qilish uni qondiradi.
Ikkinchidan, shakar insonni baxtli qiladi deyishadi. Organizmda glyukoza serotonin gormonini ishlab chiqarishni stimullaydi. Serotonin kishini xursand qiladi, kayfiyatini ko‘taradi va emotsional faoliyatini yaxshilaydi. Shu boisdan xafagarchiliklarda biz ko‘pincha shirinliklar iste’mol qilishimiz bosh miya hujayralarning oziqlanishini ta’minlaydi va ijobiy ta’sir ko‘rsatadi (me’yorida iste’mol qilinganida).
Jigar va taloq kasalliklarida ham vrach tavsiyasi asosida shirinliklar tavsiya qilinadi. Lekin shirinliklar qabul qilinganda organizm uchun mos keladigani tabiiy shirinliklardir. Rafinatsiyalangan shirinliklar butunlay boshqacha ta’sirga ega ekanligini unutmaslik kerak. Bu borada kaloriya beruvchi mahsulotlar manbalari bilan yaqindan tanishish maqsadida faktlarga murojaat qilamiz.
Fiziologlar. nutritsiologlar va boshqa sohadagi tibbiy xodimlar fikricha, energiyaga boy bo‘lgan mahsulotlar ikki turda bo‘lib, ular issiqlik va biologik energiyaga beruvchi mahsulotlardir. Inson organizmi uchun eng zarur bo‘lgan energiya bu biologik energiyadir. Biologik energiya manbai - bu o‘simliklarda fotosintez jarayonida to‘plangan tabiiy kaloriyadir. Biologik energiyaga boy mahsulotlar faqatgina o‘simliklar, sabzavotlar, poliz mahsulotlari, don va dukkakli mahsulotlarning tomiri, tanasi, gulbarglarida, hamda mevasida, donlarida, urug‘larida to‘plangan uglevodlar, yog‘lar va oqsillar ko‘rinishida mavjud bo‘lib, inson hayot faoliyati uchun o‘ta muhim hisoblanadi. Biologik energiyaga boy bo‘lgan mahsulotlarning o‘ta muhimligi shundaki, ular inson organizmi uchun yot emas, shu bilan birga oshqozon-ichak yo‘lida yengil hazm bo‘ladi va so‘riladi. Biologik kaloriyaga boy mahsulotlar deyarli hazm uchun tayyor mahsulotlar bo‘lib, so‘lak, oshqozon shirasi, oshqozon osti bezi va ichak ferementlari ko‘p ishlab chiqishni talab qilmaydi. Organizmda 1 g uglevodlar 3,75 kkal energiya beradi.
Issiqlik kaloriyasini asosan hayvon mahsulotlari beradi. Bularga go‘sht va sut mahsulotlari, tuxum va boshqa hayvonlardan olinadigan turli xil xom va tayyor taomlarni kiritish mumkin. Issiqlik energiyasiga boy bo‘lgan mahsulotlar organizmga tushgandan so‘ng ular hazm a’zolari va boshqa a’zolar tomonidan murakkab biokimyoviy jarayondan o‘tadi va uzoq muddatda qiyin hazm bo‘ladi. Hayvon mahsulotlarini hazm qilish uchun ko‘p miqdorda so‘lak, oshqozon shirasi, o‘t va ichak shirasi ajralishi kerak bo‘ladi. Murakkab oqsillar, uglevodlar va yog‘larni oddiy moddalargacha parchalash uchun organizm katta energiya sarf qiladi va natijada issiqlik energiyasi biologik energiyaga aylantiriladi. Demak, issiqlik energiyasiga boy bo‘lgan hayvon mahsulotlari hazm a’zolari tomonidan parchalanishi va hazm qilinishi og‘ir kechadi va bunda organizmning sof biologik energiyasi sarf bo‘lishi evaziga biologik energiya hosil qilinadi va organizm ehtiyoji uchun sarflanadi. Shuni ta’kidlash lozimki, ushbu issiqlik energiyasi hosil qilishning murakkab parchalanish jarayonida ichaklarda turli xil keraksiz moddalar, shlaklar va gazlar hosil bo‘ladiki, ular qonga so‘rilib har xil kasalliklar kelib chiqiishiga sabab bo‘ladi.
Shakarning salbiy tomonlari
Ko‘pchilik mutaxassislarning fikricha so‘nggi yillarda shakarning inson organizmiga 70 dan ortiq zararli xususiyatlari aniqlanganligi va isbotlanganligi har bir kishini e’tiborini tortishi va shu bilan birga o‘z salomatligini asrashdagi fikrlarini o‘zgartirishda ahamiyatlidir. Ayniqsa ona va bola salomatligi haqida so‘z borar ekan, albatta bu muammoni hal etish kelajak uchun naqadar muhim ekanligini hech inkor etmasligimiz lozim.
Shakarning organizmga nojo‘ya ta’sirini o‘rganish bo‘yicha bajarilgan ilmiy tadqiqot ishlari shuni isbotlaydiki, shakarni ko‘p iste’mol qilish yurak tomir kasalliklarini kelib chiqishini tezlashtiradi. Bundan tashqari me’yoridan ortiq shakarni surunkali iste’mol qilish immun tizimni susayishiga olib keladi, hamda terining erta qarishini va elastikligi pasayishini, toshmalarni chaqiradi. Bu ma’lumotlar to‘planganidan so‘ng, shakarni “shirin zahar” deyish mumkin, chunki tozalangan shakar inson hayoti davomida uzoq muddat iste’mol qilinishi sekin astalik bilan organizmga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Rafinatsiyalangan shakarni organizm hazm qilishi uchun ko‘p miqdorda kalsiy sarflaydi, bu o‘z navbatida suyaklardan kalsiyning so‘rilib ketishiga olib keladi va osteoporoz chaqiradi, buning oqibatida suyaklar sinishga moyil bo‘ladi, hamda tish emali yemirilishiga sabab bo‘ladi. Darhaqiqat shirinliklar ko‘p iste’mol qilgan bolalarda tish kariyesi juda ko‘p uchrashi hammamizga ayon. Shakar tishlarga yopishib oladi va tish emalini buzadi, bu og‘riq chaqiradi. Shu bilan birga og‘izda kislotalikni oshiradi, bu og‘izda kasallik chaqiruvchi mikroblarni ko‘payishiga olib keladi. Demak, og‘iz bo‘shlig‘ida doimo kasallik chaqiruvchi bakteriyalar uchun tayyor ozuqa muhiti bor, ayniqsa muhim himoya vazifasini bajaruvchi murtak va bodomcha bezlari ham zararlanadi. Bodomcha bezlar tez kasallikka chalinadi va angina rivojlanadi, uning takrorlanishi bodomcha va boshqa bezlarning kattalashuviga olib keladi, oqibatda surunkali tonzillit va adenoidlar rivojlanishi uchun sharoit yaratiladi. Doimiy ravishda shakarli shirinliklarni bolalar juda xush ko‘rishadi va unga ko‘nikib qolishlari mumkin. Shakarli shirinliklarni bolalar ko‘p iste’mol qilishlari ishtahaning pasayishiga olib keladi va bolalar ovqat yeyishdan bosh tortishadi. Ko‘pchilik hollarda onalar bolalarining ovqat yemasliklarini va ovqat yeyishga majburlashlarini aytib shikoyat qiladilar, buning asosiy sababi ovqatdan oldin konfet, shakar yoki boshqa shirinliklar iste’mol qilish oqibati bo‘lishini esdan chiqarmasligimiz kerak.
Shuni aytish joizki, xalqimizda ayrim noto‘g‘ri fikrlar mavjudki, bu onalar va bolalar salomatligiga ta’sir ko‘satmasdan qolmaydi, ya’ni shakar yoki navvotni iste’mol qilish “kuchni oshiradi va qonni ko‘paytiradi” degan fikrni ko‘pchilik aytishadi, bu esa noto‘g‘ri xulosa. Chunki, birinchidan, novvot va shakar tarkibida qonni ko‘patiradigan mikroelementlar umuman yo‘q, ikkinchidan shakar va shakarli shirinliklar iste’mol qilinganda boshqa oshqozon shirasi ishlab chiqarish keskin kamayadi va ishtaha bo‘g‘iladi. Tabiiyki, bunday sharoitda ovqat tarkibida bo‘lgan temir moddasi yaxshi so‘rilmaydigan holatga kelib qoladi, temir bilan birga boshqa mikroelementlar va vitaminlar so‘rilishi ham kamayishi kamqonlik kelib chiqishining asosiy sabablardan sanaladi. Darhaqiqat, shirinlik ko‘p iste’mol qiladigan onalar va bolalarda kamqonlik ko‘p uchrashini biz tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar isbotlaydi.
Saydullo RASULOV, Respublika gastroenterologlari va nutritsiologlari assossiatsiyasi Samarqand bo‘limi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, Turon fanlar akademiyasining akademigi.