Saylov-2019: Narpaydagi seminarda nimalar haqida so‘z yuritildi?
Joriy yil dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov uchastkalari faollari uchun seminar-treninglar tashkil etilmoqda.
Narpay tumani 27-son bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan ana shunday tadbirda 88 nafar okrug saylov komissiyasi va uchastka saylov komissiyasi rais o‘rinbosarlari va 88 nafar kotibligiga nomzodlar saylov jarayonlari va qonunchiligi bo‘yicha bilim va malakalarini oshirdi.
Seminar-treningda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksining mazmun-mohiyati hamda parlament quyi palatasi, xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish borasidagi vazifalar muhokama etildi.
Qayd etilganidek, oldidan turgan muhim siyosiy jarayonda 30 ta xalq deputatlari tuman kengashiga saylov o‘tkazuvchi okruglar, 54 saylov uchastkalarida jami 123 183 nafar saylovchilar ovoz beradi.
Bundan tashqari, tumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga o‘tkaziladigan saylovda 2 ta okrug tashkil qilinadi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligi uchun 3 ta okrugda ovoz beriladi.
Seminar davomida qayd etilgan okrug va uchastkalarda amalga oshiriladigan tashkiliy-texnik ishlar, saylovchilar va kuzatuvchilarga yaratiladigan sharoitlar xususida so‘z yuritildi. Ishtirokchilar olgan tushunchalarini amaliy mashg‘ulotlarda mustahkamlashdi.
Hafta yakunigacha davom etadigan seminar yakunida tinglovchilarga maxsus sertifikatlar beriladi.
Yoqub GADOYEV.