Saylov qonunchiligi buzilsa, ish sudda ko‘rib chiqiladi. Tizimda yana qanday yangiliklar bor?

Joriy yil oktyabr oyida mamlakatimizda Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Mazkur jarayonda ilk marotaba yangi Saylov kodeksiga muvofiq o‘tkaziladi.

Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga tayangan holda o‘tkazilishi uchun joriy yil 31 mayda “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

Qonun bilan Saylov kodeksining bir qator moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, manfaatdor shaxs saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. Ilgari yuqoridagi holatda sudga yoki yuqori turuvchi saylov komissiyasiga murojaat qilish mumkin edi.

Albatta, bunda manfaatdor shaxs nomzod ko‘rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar bo‘lishi ham mumkin.

Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy, o‘zi saylov qonunchiligini buzganlik uchun qanday javobgarliklar bor?

Saylovga oid huquqbuzarliklar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda alohida bob ajratilgan. Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik bo‘limda 9 ta holat bo‘yicha ma’muriy javobgarlik choralari belgilangan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksida ham saylov qonunchiligini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi alohida normalar mavjud. Jumladan, Jinoyat kodeksining 146-moddasida saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun, 147-moddasida esa saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, Qonunchilik palatasiga saylovni haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. Bu qaror ustidan saylov yakunlari e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga shikoyat qilish mumkin.

Z.Karimov,

Samarqand tumanlararo ma’muriy sudi raisi.