Saylov uchastkasi qanday tuziladi?

Hademay parlament va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov kampaniyasi e’lon qilinib, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar boshlanadi. Joriy yilgi saylovlar yangi qabul qilingan Saylov kodeksiga asosan o‘tkaziladi.

Shu bois, Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi kotibi Aziz Bo‘riboyev quyidagilarni so‘zlab berdi:

- Joriy yilning 26 iyun kuni tasdiqlangan Saylov kodeksi avvalgi beshta qonun, yigirmaga yaqin nizom, yo‘riqnomalarni birlashtirib, yaxlit tizimga keltirgan yagona hujjat, - deydi A.Bo‘riboyev. - Kodeksda avvalgi qonun normalarida bo‘lmagan yoki belgilanmagan 30 dan ortiq talablar mavjud.

Xususan, 10-modda bilan Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda o‘tkazilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuzilishi belgilandi.

Bundan tashqari, 9-moddada saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yo‘l qo‘yiladigan eng ko‘p chetga chiqishi qoida tariqasida, o‘n foizdan oshmasligi kerakligi ko‘rsatilgan. Agar e’tibor qilinsa avvalgi qonunchilikda 10-moddada ko‘rsatilgan tartib ham okrug tuzishda uchastkalar miqdorining chegaralari ham belgilanmagan edi.

Saylov kodeksida shuningdek, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari tomonidan uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish tartibi belgilandi. Avvalgi qonunchilikda o‘zini o‘zi boshqarish organlari va jamoat birlashmalari tomonidan nomzodlar bo‘yicha takliflar kiritish tartibi ko‘zda tutilmagan edi.

Endi yigirma bir yoshga to‘lgan, o‘rta yoki oliy ma’lumotga, qoida tariqasida, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida ish tajribasiga ega bo‘lgan, aholi o‘rtasida obro‘-e’tibor qozongan fuqarolar viloyat, tuman va shahar saylov komissiyasining, okrug va uchastka saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin. Saylovga oid qonun normalarida belgilanmagan bu talablar Saylov kodeksining 25-moddasi belgilab qo‘yildi.

Ushbu moddada nomzodlarning yaqin qarindoshlari va ishonchli vakillari, shuningdek, nomzodlarga bevosita bo‘ysunuvchi shaxslar saylov komissiyasining a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi belgilangan.

Ilgari qonunchilikda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati yo‘q edi. 28-modda bilan saylov kuni saylov uchastkalarida Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan olingan saylovchilar ro‘yxatlaridan foydalanilishi belgilandi.

Kiritilgan yangiliklardan yana biri ham saylovchilarga qo‘shimcha qulaylik yaratishi shubhasiz. Ya’ni, endi fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi.

Shuningdek, yangi tartibga asosan saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to‘xtatiladi.

Avvalgi qonunchilikda muddatidan oldin ovoz berish uchun “saylov varaqasi” to‘ldirilishi tartibi mavjud bo‘lib, to‘ldirilgan saylov varaqalari alohida konvertlarga solib muhrlangan va saylov kuni saylov qutilariga komissiya a’zolari tomonidan tashlangan.

Saylov kodeksida uchastka saylov komissiyalari saylov byulletenlarini ovoz berish kuniga, shu jumladan, muddatidan oldin ovoz berish kuniga kamida uch kun qolganida okrug saylov komissiyalaridan olishi belgilanib, “saylov varaqasi” tushunchasi chiqarib tashlandi.

Bundan tashqari, muddatidan oldin ovoz berish avvaligiday saylovga o‘n kun qolganida boshlanadi, biroq saylovga bir kun qolganda emas uch kun qolganida tugallanadi.

Ovoz berish endi saylov kuni soat 6:00 dan emas 8:00 dan 20:00 gacha o‘tkaziladi. Shu kuni saylov uchastkasida soat 8:00 da O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi yangrashi Saylov kodeksida belgilab qo‘yildi.

Yo.GADOYeV yozib oldi.