Saylov – Vatanga munosiblik, uning taraqqiyotiga daxldorlik demak

Bugun, partiyalar faollari, nomzodlarning tanlash masalasida o‘z so‘zini aytishi lozim bo‘lgan saylovchilar bilan muloqotlari chog‘ida bitta fikr qayta-qayta tilga olinmoqda – “Biz – yurt kelajagiga befarq emasmiz!”.

Partiyalar saylovoldi dasturining afzal jihatlarini targ‘ib etayotganlar va bu dasturni hokimiyatning vakillik organida o‘z ish rejasiga aylantirmoqchi bo‘lgan nomzodlar ham, bir-biridan jozibali takliflar guldastasini qabul qilayotgan saylovchilar ham saylovlarga, demakki, davlat hokimiyatini shakllantirishda bevosita ishtirok etishga befarq emasliklarini namoyish etmoqda. Buni markaziy televideniyaning qator telekanallari orqali bir vaqtda bevosita namoyish etilayotgan telemuloqotlar chog‘ida, partiyalar nashridagi rang-barang maqolalarda, radio eshittiruvlarda, internet nashrlaridagi chiqishlarida, xorijiy ekspertlarning mulohazalarida ko‘rish, eshitish, kuzatish mumkin.

Fuqarolardagi siyosiy ko‘tarinkilik, erkin fikr bildirish istagi, mamlakatni yanada obod, farovon ko‘rish maqsadi alohida tahsinga loyiq. Bu millatning o‘z qadr-qimmatini nechog‘lik chuqur anglab yetayotganligidan dalolat.

- Televideniyaning saylov uchun ajratilgan efir vaqtini muntazam kuzatib boraman, - deydi juranalist Adham Hayitov. – Bunda bir holatga guvoh bo‘lyapmanki, siyosiy partiyalar o‘z saylovoldi dasturlarining afzal jihatlarini isbotlash orqali hokimiyatning vakillik organida ustunlikka erishish, boshqaruvdagi no‘noqlik, rasmiyatchilik, xalq manfaatini mensimaslik, korrupsiya singari salbiy holatlarga qarshi murosasiz kurash olib borishga tayyor ekanliklarini bildirmoqda. Muayyan bir partiyaning so‘zi, qarori hokimiyat organida ustuvor vazifa kasb etishi va partiyaviy nazorat bilan uyg‘unlashib, aniq ijro mexanizmiga ega bo‘lishidan esa faqat xalq manfaat ko‘radi.

- 22 dekabrda o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlarda Samarqand viloyatidagi  556 ta saylov okrugidan 2 million 312 ming 96 nafar saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda, - deydi viloyat saylov komissiyasi kotibi Azizbek Bo‘riboyev. – Bugun ularning nomzodlar bilan tanishuvi, mustaqil tanlash va saylash imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun barcha saylov uchastkalarida zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Mazkur siyosiy jarayon, uni o‘tkazish tartiblari xususida viloyat saylov komissiyasiga tushayotgan murojaatlar partiyalar elektoratini ko‘proq qiziqtirayotgani, ular saylovni shunchaki, mavsumiy tadbir sifatida baholamay, uning yakuniy natijasidan oila, mahalla manfaatlarini ruyobga chiqarishni istayotganliklari yaqqol sezilib turibdi.

Bu kabi samimiy e’tiroflar o‘z o‘rnida aytilgani yaxshi. Ammo yuqoridagi har ikkala suhbatdoshimizning xulosalariga asoslanib, saylovchilar bilan saylov haqida, siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari xususida bir o‘lchamdagi fikrlarni bayon etishayapti, desak unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ishonchdan ko‘ra, xavotir, shubha, gumonlar ko‘proq sezilib turgan, achchiq, ammo ochiq aytilgan fikrlar ham borki, ularni saylov voqeligidan istisno qilish mumkin emas.

- Qarang, besh yil oldin yo‘qolgan deputatimiz bugun topilib qoldi, - deydi “Adolat” SDPning axborot xizmati xodimi Lola Sayidova. – U besh yil muqaddam partiya tavsiyasiga asosan nomzodi ko‘rsatilib, mahalliy kengash deputatligiga saylangan. Biroq partiyaning birorta yig‘ilishida, plenum, konferensiyalarida qatnashishni o‘ziga ep ko‘rmagan, tashkilot bilan siyosiy aloqani uzib qo‘ygan sobiq deputat bugun saylovda boshqa partiyadan o‘z nomzodini ko‘rsatmoqchi bo‘lganini eshitib, ochig‘i hayron qoldik. Nahotki, deputatlikni mansabga aylantirish uchun raqobatchi partiya elektoratini yana besh yil ishontirish mumkin bo‘lsa? Axir avvalgi saylovda o‘zini ko‘rsatish uchun deputatga nima yetishmadi? Vakolatmi, partiyaning qo‘llab-quvvatlashimi yoki yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishimi?

- Telemuloqotlar chog‘idagi tantanavorlik, siyosiy munozara, muhokamalar va “men sendan zo‘rman” qabilidagi gapdonliklarni ko‘rib, ochig‘i, besh yil ichida qayerda yurgan edingiz, degim keladi, - deydi samarqandlik hamshira Oysha Uzoqova. – Saylov byulleteniga qo‘limiz bilan rozilik belgisini qo‘yib saylagan deputatimiz korxonasining tashvishlaridan bo‘shamaydi. Kommunal, ta’lim, tibbiyot sohalaridagi  muammolarni vaqtida o‘rganib hal etishga hafsalasi yetishmaydi.

- Avvalo, bu yilgi saylovlarning adolatli o‘tishiga va saylovchilar o‘zlariga munosib vakillarni tanlab olishiga, shubham yo‘q, - deydi SamDU professori Farhod Nabiyev. – Biroq bo‘lg‘usi yangi deputatlar avvalgi safdoshlarining xatolaridan zarur saboq chiqarib olishlarini istardim. Xususan, o‘z vakolatining besh yili davomida mahalliy hokimiyat organida elektorat manfaatiga mos siyosiy faoliyat olib borish o‘rniga, ko‘proq statistik ma’lumot yig‘ish, ijro hokimiyati bilan parallelchilikda olib borilgan ishlar natijasini o‘z tashabbusi deb ko‘rsatishga odatlanish, boshqacha aytganda, yengil obro‘ olishga intilish ayrim toifadagi deputatlarni saylovchilardan uzoqlashtirdi. Fikrimcha, bu illatdan qutulish uchun siyosiy partiyalar birinchi galda o‘z deputatlarining hisobotlarini muntazam eshitib borishni yo‘lga qo‘yishlari, maxsus baholash tizimini yaratishlari va deputatlarni yangi dasturiy vazifalar bilan qurollantirib borishlari zarur. Qonunchilik tashabbusi va ijro nazoratini ta’minlashda o‘zini ko‘rsata olmagan vakillarni deputatlikdan chaqirib olish mexanizmini yo‘lga qo‘yish ham ta’sirchan chora, deb bilaman.

Xullas, suhbatdoshlarning fikrlari rang-barang, foydali va ahamiyatli. Bu xulosalar saylovda hokimiyat uchun kurashayotgan siyosiy partiyalarning maqsad-muddaolariga mos keladi, deb aytish mumkin. Zotan, jahon hamjamiyati va yurtimizdagi har bir fuqaro tomonidan diqqat bilan kuzatilayotgan yangi saylovlar yangilanayotgan O‘zbekiston bag‘riga musaffo havo olib kirishiga ishonamiz.

Unutmang, saylov – saylash va saylanish huquqiga ega bo‘lgan har bir fuqaro uchun Vatanga munosiblik, uning taraqqiyotiga daxldorlik demakdir.

Zohir TO‘RAQULOV.