Saylov - vatanparvarlikning bir fursati

Oz fursatlardan so‘ng, har bir yurtdoshimizning hayotiga o‘zining beqiyos ta’sirini o‘tkazadigan jarayon - O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tadi.

Xabarimiz bor, milliy saylov tizimiga zamon talablari va xalqaro andazalarga mos bo‘lgan, avvalo, saylov qonunlarini yanada liberallashtirish va demokratlashtirish maqsadlariga qaratilgan o‘zgartirishlar va yangi normalar kiritildi. Birgina misol: saylov vaqtining kuz fasliga, ya’ni oktyabr oyiga ko‘chirilgani ham har bir yurtdoshimizga yaratilgan qulayliklardan biri hisoblanadi.

Saylovlarda fuqarolar ishtirokining ko‘lami yildan yilga ortib bormoqda. Bu, albatta fuqarolarimiz siyosiy ongining o‘sayotganligidan, daxldorlik hissini har bir yurtdoshimiz chuqur his qilayotganidan dalolat. Men birinchi saylovchiman. O‘z konstitutsiyaviy huquqimdan foydalanaman. Ba’zan, tengdoshlarim orasida “Saylov menga nimaga kerak? Kim saylanishidan qat’iy nazar, odatdagi hayot tarzimni davom ettiraman”, “Buning menga hech qanday ahamiyati yo‘q”, degan gaplarni ham eshitib turibman. Va aynan mana shu holat mening qo‘limga qalam olishimga undadi.

Aziz tengdoshlar, ezgulik ajdodlarimiz hamisha amal qilib kelgan va biz avlodlar ham doimo intilib yashashimiz zarur bo‘lgan fazilatdir. Ezguliklar esa tinch, farovon va go‘zal yurtda o‘z yuzini yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Ayni vaqtlarda biz ana shu ezgulikning qaror topishi arafasidamiz. Tinch va erkin, demokratik hayotni esa saylovlarimiz va ularning natijalari belgilaydi. Biz vatanparvarlik haqida ko‘p bahs yuritamiz. Saylov esa vatanparvarlikning bir fursati.

Tengdoshlarim, bizdan jon yoki mol so‘ralgani yo‘q. Faqatgina siyosiy faollik va daxldorlik so‘ralyapti, xolos. Aslida, biz bu kabi faollikni kimdir aytgani uchun emas, balki o‘zimiz uchun, kelajak avlod uchun, xalqimiz farovonligi va yurtimiz tinchligi uchun, deya qabul qilmog‘imiz kerak. Shuni unutmang, yaxshi hayot o‘z-o‘zidan kelmaydi. Buning uchun mehnat va harakat kerak. Saylovlarda faol ishtirok eting. Bu bilan siz o‘z huquqingizdan foydalangan bo‘lasiz , shu bilan birga ezgu ishlarning ham sababchisiga aylanasiz.

Muxlisa Jalilova,

SamDU filologiya fakulteti 3-bosqich talabasi.