Saytimiz xodimi - Birlashgan Arab amirliklarida

Xabar qilganimizdek, saytimiz operatori Feruz Yaxshiboyev sayohat qilish maqsadida bir hafta ushbu mamlakatda bo‘ldi.

U bu gal Abu Dabi shahridagi “Sheikh Zayed Grand” masjidi haqidagi taassurotlarini bayon qildi:

- Ushbu masjid dunyodagi eng katta masjidlardan biri bo‘lib, 11 yil davomida qurib bitkazilgan, - dedi u. - Hajmi 5627 kv/m.ni tashkil etadi. Masjidda 4 ta katta minora bo‘lib, ularning har birining uzunligi 107 metrdan.

Bir paytning o‘zida 40 ming namozxonni sig‘dira oladigan masjid xorijlik har qanday sayyohni bee’tibor qoldirmayapti. Eng qizig‘i, bu sayyohlar orasida boshqa din vakillari ko‘p va ularning Islom diniga nisbatan hurmati nechog‘li ekanini aytmasa ham bo‘ladi.

Masjid ichida ko‘zoynaksiz yurish mushkul. Sababi, oq marmardan ishlangan konstruksiya ko‘zni qamashtiradi. Uning jozibadorligini so‘z bilan ta’riflash qiyin.

Darvoqe, masjid juda kattaligi bois ehtiyojmandlar uchun uning ichida alohida bepul transport harakati tashkil etilgan.