Sayyor qabullar: asosiy e’tibor og‘ir hududlarga

Davlat rahbari topshirig‘iga asosan joylarda aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni hal etish yuzasidan tezkor choralar ko‘rish maqsadida Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida barcha viloyatlarda sektor rahbarlari, tashkilot va idora mas’ullari ishtirokida sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.

Qabullarga hokimlar, aholidan eng ko‘p e’tirozlar kelib tushayotgan masalalar bo‘yicha mutasaddi tashkilot va idoralar, sektorlar rahbarlari, hokim yordamchilari hamda mahalla raislari jalb etildi. Sayyor qabullarni o‘tkazishda asosan olis va chekka mahallalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy, maishiy muammolar ko‘p bo‘lgan “qizil” toifadagi hududlarga alohida e’tibor qaratildi.

Sentyabr oyida o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida jami 28 mingga yaqin fuqarolardan murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, 15 mingdan ziyodining yechimi joyida topildi. Qo‘shimcha o‘rganishlar talab etiladigan 11,6 ming ariza-shikoyatlar bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.

Xususan, tezkorlik bilan hal etilgan murojaatlarning asosiy qismi gaz, elektr, suv, issiqlik ta’minoti (3,7 ming), moddiy yordam va bolalar nafaqasi (1,7 ming), sog‘liqni  saqlash sohasi (1,8 ming), tadbirkorlik va kredit ajratish (1,03 ming), bandlikni ta’minlash (1,1 ming), ichki yo‘llar holati (588), ichki ishlar idoralari faoliyati (227) hamda maktab va maktabgacha ta’lim (206) kabi qator sohalar bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi.

O‘tkazilgan tadbirlar doirasida alohida huquq-tartibot idoralari rahbarlarining ham qabullari tashkil etildi. Fuqarolar buzilgan huquqlarini tiklash, ishga joylashish, uy-joyga egalik huquqini rasmiylashtirish, oila va nikoh, soliq va bank kreditlari masalalari yuzasidan tegishli organlar mas’ullariga murojaat qilib, muammolariga yechim topdilar.

 Sayyor qabullarda ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni o‘tayotgan mahkumlarning jazoni yengillashtirishni so‘rab qilgan murojaatlari joylarning o‘zida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarining ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilib, murojaatlariga yechim topildi, deyiladi Prezident xalq qabulxonasi xabarida.