Sayyoradagi eng boy odam nomi aniqlandi
Forbes: LVMH egasi Bernard Arno sayyoradagi eng boy odamga aylandi.
Hashamat mahsulotlari ishlab chiqaruvchisi LVMH (LVMH Moet Hennessy — Louis Vuitton) egasi Bernard Arno Forbes’ning sayyoradagi eng boy odamlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Uning boyligi 211 milliard dollarga baholanmoqda. Jurnal reytingning avvalgi yetakchisi milliarder Ilon Mask ikkinchi o‘ringa tushib ketganini qayd etgan.
Ro‘yxatning deyarli yarmi bir yil oldingiga qaraganda “kambag‘alroq” bo‘ldi, jumladan, “Twitter”ni qimmatga sotib olgani tufayli aksiyalari pastga tushgan Tesla egasi hozirda 2-o‘rinni egallaydi. Uning boyligi bir yil avval 219 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 180 milliard dollarga tushdi.
Bernard Arno eng boy odamlar ro‘yxatida yetakchilik qilgan birinchi Fransiya fuqarosi bo‘ldi.
Reytingdagi uchinchi o‘rinni 114 milliard dollar boyligi bilan “Amazon” onlayn-savdo yaratuvchisi Jeff Bezos egalladi. To‘rtinchi o‘rin “Oracle” korporatsiyasi asoschisi Larri Ellisonga tegdi, uning boyligi 107 milliard dollarga baholanmoqda.