Sektorlar faoliyati samaradorligi qanday baholanadi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining viloyat filiali tomonidan joriy yilning 1-yarim yillik yakuni bilan mavjud 64 ta sektor rahbarlarining hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha olib borgan ishlari baholandi.
Baholash ishlari 13 ta muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari, aholi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnoma natijalari hamda ilm.argos.uz platformasidan foydalanish holatiga ko‘ra, 100 ballik tizim bo‘yicha amalga oshirildi.
Yakunda 86 balldan yuqori to‘plaganlar - “yaxshi”, 76-86 ball to‘plaganlar - “qoniqarli” va 76 ballgacha to‘plaganlar - “qoniqarsiz” deb baholanib, shartli ravishda “yashil”, “sariq” va “qizil” ranglarga ajratildi.
Sektor rahbarlari faoliyatini baholashda hududdagi aholi va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislarining qoniqish darajasi ham hisobga olindi. Jumladan, iyun oyida viloyatdagi mahallalarda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari, “Kelajak liderlari” klubi a’zolari, Yoshlar ittifoqining joylardagi yetakchilari hamda Samarqand davlat universiteti sotsiologiya yo‘nalishi talabalari yordamida anonim so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Ijtimoiy so‘rovnomada qatnashgan 12155 nafar respondentdan 2763 nafari yoki 22,7 foizini yoshlar tashkil etdi. Sohalar bo‘yicha tahlil qiladigan bo‘lsak, eng katta qismini, ya’ni 27 foizni mavsumiy ishchilar yoki doimiy ish manbaiga ega bo‘lmaganlar tashkil qildi.
So‘rov orqali joylardagi aholining hokimlik va sektor rahbarlari faoliyatidan, mavjud transport, uy-joy kommunal xizmatidan, ichimlik suvi, tabiiy va suyultirilgan gaz, elektr energiyasi ta’minotidan, ichki avtomobil yo‘llarining sifatidan hamda mutasaddi tashkilotlarga yo‘llangan murojaatlarning ko‘rib chiqilishidan qoniqish darajasi o‘rganildi.
Yakuniy natijaga ko‘ra, Paxtachi, Narpay, Samarqand, Ishtixon, Jomboy, Qo‘shrabot tumanlari “yashil” hududga kirgan. Shuningdek, “sariq” hududlar soni 10 tani tashkil qilib, birorta hudud “qizil”ga kirmadi.
Sektorlar kesimida “yashil” sektorlar soni 20 tani tashkil qilib, 1-chorakdagiga nisbatan 19 ta, “sariq” sektorlar soni 43 tani tashkil qilib, dastlabki 3 oyga nisbatan 15 ta ko‘paygan. Ya’ni, 6 oylik natijalarga ko‘ra, “qizil” sektorlar soni 1-chorakka nisbatan 34 taga kamayib, 1 ta qoldi. Bu o‘tgan davr mobaynida sektor rahbarlari tomonidan joylarda aholining muammolarini yechishda, xususan, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida ijobiy ishlar amalga oshirilganidan dalolat.
Bugungi kunda mazkur tizimni yanada takomillashtirish maqsadida huquqiy asos yaratildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 23 avgustda “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror bilan endi baholash natijalariga ko‘ra, tuman va shahar sektorlari o‘rtasida respublika miqyosida “Eng namunali sektor” hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida “Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyalari bo‘yicha 3 tadan g‘olib aniqlanadi. G‘olib sektorlar nominatsiyasiga qarab, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 500 baravari miqdorida pul mablag‘i bilan rag‘batlantiriladi. Ularning ish tajribalari respublika va tegishli hududlarda ommalashtiriladi.
Bu borada inson omilini kamaytirish, reyting natijalarini soxtalashtirish hamda ko‘rsatkichlarni sun’iy ravishda oshirishlarning oldini olish maqsadida sektorlar faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlarini hisoblash va baholash bo‘yicha avtomatlashtirilgan dasturiy ta’minot – “sector.reyting.uz” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi ishlab chiqiladi.
Foziljon AXATOV,
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi viloyat filiali yetakchi inspektori.