“Sen kimsan? Borib, navbatingni kut!”

Shu kunlarda vaziyat taqozo qilib, viloyatlarga boradigan bo‘lsangiz, taksiga o‘tira ko‘rmang. Vaqtingiz gaz “zapravka”larda navbat kutish bilan o‘tadi.

“Toshkent-Termiz” avtomagistral yo‘lidagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSh)ning teng yarmi ishlamayapti. Ishlaganlari ham nari borsa, 6-7 soat gaz quyadi-da, keyin darvozalarini tambalaydi. Bu holat 2018 yil dekabridagi manzaralarni esga solmoqda. Xotirangizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa, o‘shanda shu kabi uzundan-uzun navbatlardan keyin gaz narxi oshirilgandi...

Aytishlaricha, AGTKShlardagi uzilishlar o‘tgan hafta oxirlarida boshlangan. Sababini tadbirkordan bilishning iloji bo‘lmadi. Ular kichkina odamlar emas-da, chunki. Kompressorchilar bo‘lsa, limit tugab qolayotganini bahona qilyapti. Qizig‘i, limit deganlari iste’mol talabidan kelib chiqib, belgilanmaydimi?! Har holda bizga “O‘ztransgaz” AJ mas’ullarining har yili 1 sentyabrga qadar iste’molchilarning zaruriy gaz hajmlari to‘g‘risidagi talabnomalari yig‘ilib, kelgusi yil uchun limit “ishlab chiqish” haqidagi gaplari yod bo‘lib ketgan.

Tadbirkorlar tadbirli bo‘lisharkan. Ayrim “zapravka”larda vaziyatdan kelib chiqib, pul qilishning yangi yo‘llari ixtiro qilinibdi. Masalan, Oq oltin tumanidagi “Gaz Invest Group” MChJga tegishli AGTKShning bitta kalonkasi go‘yoki ishlamaydi. Oldiga kichik o‘t o‘chirish ballonchasi qo‘yib qo‘yilgan. Bu yerda xos yo‘lakdan kelgan maxsus mashinalarga gaz quyiladi. Shunday mashinalar egasidan buning sirini so‘rasam, sekin borib, besh ming qistirsam, vassalom emish.

Bunday qilmay adashibman. Operatordan bu “imtiyoz” haqida so‘rasam: “Sen kimsan? Borib, navbatingni kut!”, degan javobni oldim.

Ha, iste’molchilar talabi bir tiyin, ayniqsa, monopollar uchun. Vaziyatga izoh bermayotgan “O‘ztransgaz” AJ ham “Sen kimsan?”, deya o‘dag‘aylamasaydi, deb qo‘rqib turibman.