Sirdaryoda “gaz zapravkasi“dagi navbatlardan norozi haydovchilar yo‘lni to‘sib qo‘yishdi
Sirdaryo viloyati IIB YHXB axborot xizmati bir necha kunlardan buyon tabiiy gaz va elektr energiyasida taqchillik bo‘layotgani sababli aholi o‘rtasida e’tirozlar bildirilayotganiga izoh berdi.
Unda qayd etilishicha, gaz taqchilligi avtomobillarga gaz tarqatish shoxobchalarida ham kuzatilmoqda. O‘z navbatida, gaz quyish shoxobchalarida ko‘plab transport vositalari to‘planib qolishi oqibatida avtomashinalar qatorining uzunligi bir necha yuz metrlarga yetyapti.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda 2019 yil 27 noyabr kuni M-34 yo‘li yoqasida joylashgan “Sheraton-servis“ MChJga qarashli avtomobillarga gaz tarqatish korxonasi oldida bir qancha fuqarolar gaz quyish shoxobchasida norozilik bildirib, kutish joyidagi o‘rindiqlarni olgan holda M-34 yo‘lining “Toshkent-Guliston” yo‘nalishini vaqtincha to‘sgani, yo‘lda esa avtomashinalar tirband bo‘lib to‘xtab turganligi aks etgan videotasvirlar tarqaldi.
Voqea joyiga zudlik bilan yetib borgan Sirdaryo viloyati YHXB va Sirdaryo tumani IIB mas’ul xodimlari tomonidan vaziyat o‘rganilganda, ushbu gaz tarqatish shoxobchasi bugun tongda ishga tushirilgani, haydovchilar esa kechadan buyon navbat kutib turishganligi ma’lum bo‘ldi. Soat taxminan 11:00 larda o‘zini O‘zbekiston Respublikasi “O‘zbekneftgaz“ inspeksiyasi, Majburiy ijro byurosi, “O‘ztransgaz“ AJ vakillari deb tanishtirgan xodimlar kelib, gaz hisoblash moslamasini tekshirish uchun olib ketishgan. Navbatda turgan 5-6 nafar haydovchi esa ushbu holatga o‘z noroziliklarini bildirib, M-34 yo‘lining “Toshkent-Guliston“ yo‘nalishini berkitishganini bildirishgan.
Xabarga ko‘ra, olib borilgan tushuntirish ishlaridan so‘ng u yerga yig‘ilgan haydovchilar tarqatilib, yo‘ldagi harakat tiklangan.