Senat Raisi Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi bilan uchrashdi

2021 yil 15 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T. Narbayeva Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi  Hamid Nayirobodiy bilan uchrashdi.

Unda ikki mamlakat o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Eron parlamentlarida do‘stlik guruhlarining tashkil etilishi parlamentlararo munosabatlarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Xususan, ularning faoliyati qonun ijodkorligi, parlamentarizm, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini izlashga qaratilgan, shuningdek, tajriba almashish yuzasidan ham doimiy muloqotlar olib borish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi  so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar kengayib, siyosiy sohadagi sermahsul muloqotlar faollashganini ijobiy baholadi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz rahnamoligida jadal sur’atlarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, shu jumladan, O‘zbekistondagi majburiy mehnat muammosini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan samarali ishlar va erishilgan natijalar hamda bolalar mehnatiga barham berilganini alohida e’tirof etdi.

Tomonlar ikki mamlakat parlamentlari a’zolari o‘rtasida barcha darajalardagi aloqalarni tizimli davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirib, parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, umuman, O‘zbekiston – Eron aloqalarini kengaytirish va chuqurlashtirishda parlamentlararo munosabatlar o‘z hissasini qo‘shishini qayd etdi.

Uchrashuvda hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Xususan,  siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoya va turizm, madaniy-gumanitar sohalarda ikki davlat aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish imkoniyatlari haqida barcha darajalardagi siyosiy muloqotni faollashtirish, iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish ham shular jumlasidandir.