Senator va deputatlar nurobodlik terimchilar huzurida
Joriy yilda Samarqand viloyatidagi paxtachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan 75 ming 580 gektar maydonda paxta yetishtirilib, 215 ming 500 tonna hosil olish uchun puxta zamin hozirlandi.
Ayni paytda viloyatning ayrim hududlarida paxta yig‘im-terimi boshlandi.
Jumladan, Nurobod tumanidagi 31 fermer xo‘jaligi bu yil 632 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, hozirda yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olishga kirishgan. Paxta xom ashyosi “Samarqand kamalak invest” klaster korxonasi tomonidan qabul qilinmoqda.
– Mahallalarda istiqomat qiluvchi 1200 nafardan ortiq ishsiz, mehnatga layoqatli kishilar bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzilib, 14 ta terim otryadi tashkil etganmiz, – deydi tuman aholi bandligiga ko‘maklashish markazi boshlig‘i I.Berdiqulov. – Ularga o‘z haq-huquqlari, mehnatga oid munosabatlar tushuntirilgan. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan mahalla raislarlari ham, fermerlar ham ogohlantirilgan. Hozircha qonunbuzilishi holatlari qayd etilmadi, bu haqda murojaatlar ham tushmadi.
Shu kunlarda viloyatimizda bo‘lib turgan Oliy Majlik Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat guruh Nurobod tumani paxta dalalarda bo‘lib, terimchilar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi, ular bilan suhbatlashdi.
– Bugun dalalarda qiyg‘os ochilib turgan hosilning o‘z egasi bor – fermer, klaster korxonalari mehnati samarasini ham o‘z vaqtida, sifatli yig‘ishtirib olishni istaydi, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi F.Boqiyev. – Lekin baribir paxta yig‘im-terimida mahalla aholisi, mavsumiy ishchilar mehnatidan foydalanishga to‘g‘ri keladi. Yaxshi bilasiz, endilikda bu jarayonni avvalgidek odamlarni yoppasiga dalaga chiqarish bilan amalga oshirish mumkin emas. Bu borada tegishli huquqiy asoslar yaratilib, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi. Biz ham joylarda bo‘lganimizda bu haqda terimchilar va fermerlar bilan suhbatlashyapmiz. Terimchilarga kunlik haq to‘lanayotgani, dalaning o‘zida issiq ovqat va boshqa sharoitlar yaratilgani tufayli aholining o‘zi ko‘ngilli ravishda chiqib, daromad qilayotganiga guvoh bo‘ldik.