Seul markazida Samarqand va O‘zbekistonning boshqa qadimiy shaharlari aks etgan videolavhalar namoyishi yo‘lga qo‘yildi

28 sentyabrdan Seul markazidagi eng gavjum chorrahada, Janubiy Koreyaning sayyohlar eng ko‘p keladigan mashhur «Myongdong» ko‘chasidagi katta ekranda O‘zbekistonning boy madaniy merosi va zamonaviy arxitekturasiga bag‘ishlangan videolavhalar namoyishi boshlandi.

Mazkur lavha turizm sohasida mashhur «Traveler» kompaniyasi «National Geographic» hamkorligida tayyorlangan bo‘lib, mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari, qadimiy shaharlari, madaniy va tarixiy joylari haqida ma’lumot beradi. Yurtimiz haqida videomateriallar bir hafta davomida 24 soat ushbu ekran orqali ko‘rsatiladi.

Ekranda namoyish etilayotgan lavhalarga e’tiborini qaratgan yo‘lovchilardan biri, mamlakatimizga sayohat qilganini yodga olib, O‘zbekiston juda go‘zal, obod va zamonaviy mamlakat ekanligini ta’kidladi. Tashrifi davomida Samarqandning go‘zalligi va obodligini ko‘rib, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati yuksak darajada rivojlanganiga guvoh bo‘lganini hayajon bilan eslab, yaqin kelajakda yana takror tashrif buyurishini ma’lum qildi.