Seul, Tokio va Moskvada Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi

Bugun Janubiy Koreyada Alisher Navoiy tavalludining 583 yilligi munosabati bilan Seul shahrida qad rostlab turgan Navoiy byusti poyiga gul qo‘yish marosimi tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 16 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Janubiy Koreyaga davlat tashrifi arafasida Seul shahrida o‘zbek xalqining buyuk ajdodi, davlat arbobi va mutafakkir Alisher Navoiy byusti ikki davlat rasmiylari ishtirokida tantanali ochilgan edi.

Shuningdek, Moskva shahrida ham Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yildi. Tadbirda elchi Botirjon Asadov boshchiligidagi mamlakatimiz diplomatik missiya xodimlari, Rossiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar, Moskva davlat lingvistika universitetining o‘zbek tilini o‘rganayotgan talabalari, shuningdek, o‘zbek adabiy tili asoschisi she’riyati muxlislari ishtirok etdi.

Xuddi shunday tadbir Yaponiya poytaxti Tokio shahrida qad rostlab turgan Navoiy haykali qoshida ham bo‘lib o‘tdi.

"Dunyoning yana bir qator mamlakatlarida Alisher Navoiy xotirasi va ijodiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi", deya xabar beradi "Dunyo" AA.