Shaharsozlikda Fransiya qurilish kompaniyalari bilan hamkorlik qilinadi
Xabar berganimizdek, Fransiyaning “MEDEF International” ishbilarmonlik harakati qoshidagi “O‘zbekiston-Fransiya” kengashi rahbari, “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi.
Shirin shaharchasi direksiyasida viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev boshchiligidagi mas’ullar hamda tadbirkorlarning fransiyalik ishbilarmonlar va bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat rahbari O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari uzoq tarixga egaligi, iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy sohalardagi aloqalar, jumladan, viloyatda fransuz kompaniyalari bilan hamkorlik mustahkamlanib borayotgani va bu aloqalarni davom ettirish tarafdori ekanini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbarining taklifiga ko‘ra, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning 2023 yilda rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga, xususan, Samarqand shahriga kelgani ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikda tub burilish yasadi, - dedi A.Boboyev. – Ushbu tashrif doirasida Fransiya alyansining Samarqanddagi filiali ochilishi madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish imkonini berdi. Fursatdan foydalanib, fransuz kompaniyalarining innovatsion, texnologik va investitsion salohiyatini yuksak baholagan holda turizm, shaharsozlik, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va davom ettirishni taklif qilaman. Jumladan, shaharsozlik va “aqlli shahar” loyihalari – biz amalga oshirayotgan eng katta loyihalardan biri - 660 gektar maydonni o‘z ichiga olgan Shirin shaharchasi qurilishidir. Ushbu zamonaviy shahar turarjoy majmualari, savdo va biznes markazlari hamda zamonaviy infratuzilmani o‘z ichiga oladi. Energiya samaradorligi yuqori bo‘lgan binolar, zamonaviy kommunal xizmatlar va shaharchaning intellektual infratuzilmasini rivojlantirishda fransuz mutaxassislarining tajribasi juda muhim. Mazkur loyiha yuzasidan Fransiyaning boy tajribaga ega bo‘lgan “Ellips Prodjekts EsEyEs” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ysak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
“MEDEF International” dunyoning turli mamlakatlari bilan biznes va investitsion aloqalarni rivojlantirishga ixtisoslashgan tashkilot bo‘lib, yetti mingdan ortiq fransuz kompaniyalarini birlashtiradi.
– Prezidentimiz davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga kelganda ilk bor bu tarixiy shaharda bo‘lganman, – deydi “MEDEF International” ishbilarmonlik harakati qoshidagi “O‘zbekiston-Fransiya” kengashi rahbari, “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven. – Samarqandda eng yaxshi rivojlangan yo‘nalishlardan biri turizm. Shaharda ushbu soha bilan birga, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, jamoat transporti, energetika, shaharsozlik yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarini amalga oshirish tarafdorimiz.
Uchrashuv yakunida Samarqandning turizm salohiyati va Shirin shaharchasi loyihasi taqdimot qilindi.
Tashrif dasturiga muvofiq, delegatsiya a’zolari Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.