SHARH: Fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi muammo va kamchiliklar bor
Mamlakatimiz milliy huquq tizimida ko‘lami va mohiyati nuqtai-nazaridan islohotlarning yangi davri boshlangan bo‘lsa-da, hanuz jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolinmoqda.
"Biz jamiyatimizda shunday huquqiy madaniyatni shakllantirishimiz kerakki,
unga muvofiq Konstitutsiya va qonunlarga amal qilish, boshqalarning huquq
va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish majburiyat emas,
balki kundalik qoida va odatga aylanishi shart".
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Xudoyor MAMATOV,
Adliya vazirligi huzuridagi Xadiicha Sulaymonova
nomidagi Respublika sud ekspertizasi
markazining direktori,
yuridik fanlar doktori, professor
Shubhasiz aytish mumkinki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz milliy huquq tizimida ko‘lami va mohiyati nuqtai-nazaridan islohotlarning yangi davri boshlandi. Yangi davrning muhim talabi sifatida inson huquq va erkinliklarini, uning qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlashga nisbatan munosabatni tubdan o‘zgartirish – tizimdagi islohotlarning bosh g‘oyasiga aylandi.
Har tomonlama rivojlangan, erkin va farovon, qonun ustuvor bo‘lgan, zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilish – O‘zbekistonning strategik maqsadi etib belgilandi. Bugungi kunda ushbu ulug‘vor maqsadga erishish uchun mamlakatimizning barcha sohalarida – keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarning samarali amalga oshirilishi, o‘z navbatida, mamlakatimizning rivojlangan demokratik huquqiy davlatlar safidan o‘rin olishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Albatta, davlat va jamiyatning rivojlanganligini belgilaydigan bir qator muhim omillar bor. Biz qisqa qilib, buning uchta jihatini sanab o‘tamiz:
- birinchidan,jamiyat a’zolarining huquqiy ongi, huquqiy madaniyati, huquqiy savodxonlik darajasi baland bo‘lishi lozim;
- ikkinchidan,rivojlangan jamiyat a’zolarining, davlat fuqarolarining ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksak bo‘lishi kerak;
- uchinchidan,davlat fuqarolarining jamiyatdagi islohotlarga nisbatan daxldorlik tuyg‘usi mavjud bo‘lishi shart.
To‘g‘risini aytish kerak, huquqiy ong, huquqiy madaniyat, huquqiy savodxonlik haqida gap ketganda ko‘pchiligimizda faqat qonunlarni bilish yoki ulardan xabardorlik darajasi tushuniladi. Aslida bu juda keng tushuncha bo‘lib, yuqorida sanab o‘tilgan davlat va jamiyatning rivojlanganligini belgilaydigan uchala omilni ham o‘z ichiga oladi.
Chunki, huquqiy madaniyati yuksak insonlar qonunlarga itoatkor bo‘ladi, hamisha unga bo‘ysinadi va qonunlarga nisbatan hurmat bilan qaraydi. Bunday insonlar qonunlarda belgilangan qoidalarga zid hatti-harakat qilmaydi, aksincha, boshqalarni ham qonunlarda belgilangan qoidalarga zid xatti-harakat qilmaslikka da’vat etadi.
Ijtimoiy-siyosiy faol fuqaro jamiyatda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarga ongli munosabatda bo‘lib, islohotlarga daxldorligini sezib, davlat va jamiyat oldidagi fuqarolik mas’uliyatini his qilib yashaydi. Eng muhimi, u mamlakat taraqqiyotiga amaliy hissa qo‘shishga harakat qiladi, intiladi.
Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirib borish qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlashning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Shu bois, so‘nggi yillarda milliy huquq tizimini tubdan isloh qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni shakllantirish hamda malakali yuridik kadrlarni tayyorlash borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi. Ammo, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, inson huquq va erkinliklariga hurmat munosabatini shakllantirishga, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda fuqarolarning huquqiy savodxonligi darajasini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi bir qator muammo va kamchiliklar saqlanib qolinmoqda.
Xususan, huquqiy madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim va tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayapti. Uzoq yillar davomida bu masala huquqni muhofaza qiluvchi organlar va ayrim davlat organlarining ishi sifatida qarab kelinib, bunda oila, mahalla va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining ishtiroki yetarlicha ta’minlanmagan.
Yoshlarning huquqiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish, har bir shaxsda qonunlarga va odob-axloq qoidalariga hurmat, milliy qadriyatlarga sadoqat, huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik hissini uyg‘otish ishiga kompleks tarzda yondashilmagan va hokazo.
Mazkur tizimli muammolarni izchil hal etish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga doir ishlar samaradorligini yanada takomillashtirish, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlar bilan uyg‘un ravishda huquqiy bilimlarini oshirib borishning zamonaviy usullarini joriy etish, shuningdek, aholini, ayniqsa, yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha mustahkam huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida 2019 yil 9 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Mazkur Farmonga ilova sifatida ikkita juda muhim hujjatlar tasdiqlandi. Bular, birinchisi: “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. O‘z navbatida, Konsepsiya to‘rt qismdan iborat bo‘lib,birinchi qism “Umumiy qoidalarni” o‘z ichiga olgan; ikkinchi qism “Konsepsiyaning asosiy maqsadi va vazifalari”ga bag‘ishlangan; uchinchi qism “Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari” deb nomlangan bo‘lib, besh bobni o‘z ichiga olgan va nihoyat to‘rtinchi qism “Konsepsiyaning qabul qilinishidan kutilayotgan natijalar” bashoratiga bag‘ishlangan.
Yuqorida qayd etilganidek, “Konsepsiyaning asosiy yo‘nalishlari” deb nomlangan 3-qism besh bobdan iborat bo‘lib, birinchi bob “Shaxs, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish”ga; ikkinchi bob “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishda huquqiy targ‘ibotning innovatsion usullarini joriy qilish”ga; uchinchi bob “Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish”ga; to‘rtinchi bob “Yuridik ta’limni, shuningdek, yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish”ga va nihoyat, beshinchi bob “Huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslarini tadqiq etish”ga bag‘ishlangan.
Ta’kidlash lozim, Konsepsiyaning har bir qismi, har bir bobi ilmiy-amaliy tadqiqot va tahlilllar, milliy va xorijiy tajribaga asoslangan bo‘lib o‘ta puxta ishlangan. Jumladan, “Shaxs, davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish” deb nomlangan birinchi bob mazmun va mohiyatiga ko‘ra demokratik jamiyat va huquqiy davlat taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etuvchi, o‘ta muhim beshta kichik yo‘nalishlarni qamrab olgan:
- birinchi yo‘nalish,“Oilada huquqiy tarbiyani shakllantirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirish”;
- ikkinchi yo‘nalish, “Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda mahalla institutining rolinikuchaytirish”;
- uchinchi yo‘nalish,“Ta’lim muassasalarida huquqiy savodxonlikni oshirish”;
- to‘rtinchi yo‘nalish,“Davlat organlari va tashkilotlar xodimlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish”;
- beshinchi yo‘nalish,“Aholi barcha qatlamlarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish” uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarni belgilab bergan.
Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan ikkinchi muhim hujjat, “Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2019 yilda samarali amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bo‘lib, unga ko‘ra Konsepsiyada belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash uchun xayotiy zarur bo‘lgan, o‘ta muhim 88 ta banddan iborat chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Qonun ustuvorligini ta’minlash, shaxs, oila, jamiyat va davlatning huquq va manfaatlari muhofazasini kuchaytirish, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini oshirish, fuqarolarni qonunga itoatgo‘ylik va hurmat ruhida tarbiyalash – bu rivojlangan bozor iqtisodiyotiga asoslangan chinakam demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati qurishning nafaqat maqsadi, balki uning vositasi, eng muhim sharti hisoblanadi.
Bugungi kunda jamiyatning umumiy madaniyatini, jumladan huquqiy madaniyatini yuksaltirish – huquqiy davlatni barpo etish, shuning barobarida adolatli fuqarolik jamiyatini shakllantirishning muhim omili sifatida maydonga chiqmoqda. Shu sababli, mamlakatimizda huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishda uning beqiyos o‘rni va ahamiyatini ilmiy-nazariy jihatdan keng tadqiq etish huquqshunoslik fanimiz oldida turgan dolzarb masalalardan biridir.
Fuqarolik jamiyati o‘zining yuksak ma’naviy rivojlanganligi va ilg‘or qadriyatlari, shu jumladan, huquqiy qadriyatlari tizimi bilan tavsiflanadi. Fuqarolik jamiyatining mazmunini turfa ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ahloqiy, iqtisodiy va huquqiy qadriyatlar tashkil etadi.
Fuqarolik jamiyatida huquq va boshqa huquqiy hodisalarning nufuzi, tartibga soluvchi qadr-qimmati, ayniqsa, ortib boradi. Fuqarolik jamiyati huquq vositasida o‘zi uchun o‘ta zarur va qadrli bo‘lgan ne’matlarni, ya’ni erkinlik, tenglik, adolat, demokratiya, tinchlik, tartib-intizom, qonuniylik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlaydi.
Huquqsiz – demokratik qadriyat va tamoyillarni, tenglik, shaxs erkinligini va hokazolarni qaror toptirib bo‘lmaydi. Huquq va qonuniylikning qadr-qimmati aynan mana shundadir. Huquqning, huquqiy normalarning qadri shundaki, ular jamiyat a’zolari rioya etishi lozim bo‘lgan foydali xulq-atvorni shakllantiradi.
“Huquqiy qadriyatlar – ijtimoiy munosabatlarni samarali tartibga solishga, jamiyatda qonun ustuvorligi va adolat tantana qilishiga, inson huquqlari va erkinliklari sobitqadamlik bilan ta’minlanishiga, yuksak huquqiy ong va madaniyat shakllanishiga xizmat qiladigan huquqiy hodisalardir”.
Fuqarolik jamiyatini shakllantirishda huquqiy qadriyatlar alohida o‘rin tutadi. Huquqiy qadriyatlar – bu fuqarolik jamiyati, davlat va insonlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishda xizmat qiladigan, jamiyat a’zolari tomonidan e’zozlanadigan huquqiy normalar, g‘oyalar, qarashlar, institutlar, tamoyillar va hodisalar majmuidir.
Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish o‘z navbatida har bir kishi o‘zini to‘la erkin his etishini taqozo etadi.
Erkinlik qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim omilidir. Bobomiz Amir Temurning “Qayerda qonun hukmronlik qilsa, o‘sha yerda erkinlik bo‘ladi”, degan o‘gitlari hozirgi kunda ham o‘ziga xos ma’no kasb etmoqda.
Jamiyat a’zolari huquqiy xulq-atvorga ega bo‘lishi va odob-axloq qoidalariga rioya etishi, ular huquqiy madaniyatini oshirishga ham yordam beradi. Yangi jamiyat kishilarining odob-axloqi, eng avvalo, jamiyatda kishining xulqi, yurish-turishi va hayot faoliyatining mahsuli sifatida namoyon bo‘ladi.
Jamiyat a’zosi o‘zining huquqiy madaniyatini shakl¬lantirishdan bevosita manfaatdor bo‘lishi va har doim ularning ijtimoiy xavfli harakati yoki harakatsizligi, xulq-atvori jamoatchilik nazoratida bo‘lishini ta’minlash, o‘z navbatida, qonunlarning ijrosini amalga oshirishning muhim garovi hisoblanadi.
Agar jamiyat a’zosi xatti-harakatiga, xulq-atvoriga, odob-axloqiga ijtimoiy baho berilmasa, huquqni qo‘llovchi idoralar tomonidan qonuniy munosabat bildirilmasa, bu holat jamiyat uchun yot illatlarning ildiz otishiga yoki tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Shaxs xulq-atvoriga jamoatchilik ta’siri katta bo‘lib, ularning kamolotga erishuvida hamda ularda insoniy fazilatlar shakllanishida muhim omil hisoblanadi. Shu sababli yangi jamiyat fuqarosini tarbiyalashda jamoatchilik nazorati institutidan ham samarali foydalanish fuqarolik jamiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Jamoatchilik nazoratining odob-axloqqa ta’siri negizida qonuniylik, adolat, haqiqat, erkinlik kabi tushunchalar mohiyati namoyon bo‘ladi. Shu sababli yangi jamiyat fuqarolarining Konstitutsiya va qonunlarni hurmat qilishi hamda uning normalariga rioya etishi ular xulq-atvorining yuksakligidan dalolat beradi. Shuningdek, ularning ijtimoiy faolligi, jamiyat va davlat tomonidan ijobiy baholanadigan xulq-atvorga ega bo‘lishi talab qilinadi.
Mamlakatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirmasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.
Shu munosabat bilan, bugungi siyosiy-huquqiy voqelikni hisobga olgan holda mamlakatimizda huquqiy ta’lim va ma’rifatni, jamiyatda huquqiy bilimlar targ‘ibotini tubdan yaxshilash zarur.
Huquqiy madaniyat yurt tinchligi, Vatan ravnaqi, xalq farovonligi, degan yuksak tushunchalarga hamohang qadriyatdir. Huquqiy madaniyat dialektik juftlik bo‘lgan davlat va jamiyatning ajralmas elementidir.
Yuksak huquqiy madaniyat — erkinlik va qonunga bo‘ysunib yashash, demakdir. Hayotimizni huquqsiz tasavvur etib bo‘lmaydi, chunki huquqni amalga oshirish va uni himoya qilish uchun shaxs huquqiy madaniyatga ega bo‘lishi shart. Shu bois huquqiy madaniyat demokratik taraqqiyotga erishishning davlat-huquqiy vositasidir.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish — O‘zbekistonning strategik maqsadi qilib qo‘yilgan har tomonlama rivojlangan, erkin va farovon, qonun ustuvor bo‘lgan, zamonaviy demokratik davlatlar qatoriga qo‘shilishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu muhim masalani ongli ravishda anglab yetgan holda, tinimsiz mehnat, tashabbuskorlik va intilishlar evaziga qo‘lga kiritilayotgan yutuq va muvaffaqiyatlarga mahliyo bo‘lib qolmaslik, sohta obro‘ olish uchun rahbarlar mehnatini quruq maqtash va olqishlash bilan chegaralanib qolmaslik, aksincha, astoydil harakat qilish, tashabbuskor-tadbirkor, elparvar rahbarga ko‘makdosh bo‘lish, o‘z zimmasiga yuklangan mas’uliyatni his etish, vazifani sidqidildan bajarish, yon atrofdagilarga shaxsiy o‘rnak bo‘lish har bir mas’ul inson, jumladan, mansabdor shaxslar faoliyatining asosiy mezoni bo‘lishi shart.
Har bir fuqaro inson huquqlarini hurmat qilishi, davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiq bo‘lishi lozim. Ijtimoiy hayotda hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi o‘zining fuqarolik va insoniy mas’¬uliyatini anglashi zarur. O‘zbek davlatchiligi rivojlanishining tarixiy tajribasi asosida milliy huquqiy qadriyatlarni e’zozlashi va uni har tomonlama targ‘ib etishi kerak. Demokratik qadriyatlarni hurmat qilishi va ijtimoiy adolatga sadoqatli bo‘lishi, insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etishga o‘zining munosib hissasini qo‘shishi, yurt tinchligi va milliy totuvlikni ta’minlash mas’uliyatini chuqur his etishi lozim.
Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Toki jamiyatning har qaysi a’zosi o‘z huquqi, o‘z burchi va mas’uliyatini puxta bilmas ekan, uni hayotiy ehtiyoj sifatida anglamas ekan, bizning islohot, yangilanish haqidagi barcha so‘zlarimiz, sa’y-harakatlarimiz besamar ketaveradi. Bugun odamlarning dunyoqarashi, ongi, tafakkurini o‘zgartirish mana shu masala bilan chambarchas bog‘liq”.
O‘zA