Sharof Rashidov bilan 45 minutlik suhbat yoki “cho‘l burguti”ning parvozi
1970 yillarning boshida «Glavsredazirsavxozstroy» boshqarmasiga qarashli «Sredazirmontaj» trestida boshqaruvchi bo‘lib ishlab yurgan kunlarimning birida boshqarma boshlig‘i, Sotsialistik mehnat qahramoni Najim Hamroyev chaqirib qoldi.
- Mansur, seni O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti ishga taklif etyapti, - dedi. So‘ngra Najim aka bugungi kunda jamiyatda va xalq xo‘jaligida bu yuqori organning o‘rni to‘g‘risida gapirdi.
Sharof Rashidov rahbarligi ostida ishlash baxti har kimga ham nasib qilavermaydi. Qolaversa, butun Markaziy Osiyo cho‘llari, Rossiyaning noqoratuproq yerlarini o‘zlashtirishda qatnashib, kecha-yu kunduz ishlab rosa charchagan edim. Bu taklifdan boshim osmonda edi. Ertasi kuni Markazqo‘m suv xo‘jaligining bo‘lim boshlig‘i Vladimir Suskinga uchrashib, barcha rasmiyatchilik hujjatlarini tayyorlab, tegishli rahbarlardan suhbatdan o‘tdim. Navbat Sharof Rashidovning suhbatidan o‘tish edi.
Sh.Rashidovning vaqti bo‘lmaganligi bois qabuliga kirish cho‘zilib ketdi. Markazqo‘m bo‘lim xodimi Temir Xidirov kunora qo‘ng‘iroq qilib, “Hech qayerga ketib qolma, to‘satdan chaqirib qolishi mumkin”, deb ogohlantirib turdi.
Boshliq o‘rinbosarlari yaqin joyda yig‘ilish o‘tkazganda ham taklif qilsa bormas edim. Boshliq o‘rinbosari Garayev: “Ivanovo shahriga borasan” deb turib oldi. Men har narsani bahona qilib, borishdan bosh tortar edim. Garayev shoshqaloqroq odam edi. “Abduraimov aytganimni qilmayapti, Ivanovodagi yangi zavod masalasini hal qilish uchun borib kel desam, unamayapti”, deb Hamroyevga ustimdan shikoyat qilar, hamma “ish”dan xabardor Hamroyev esa hech narsa demas edi.
Nihoyat, kutilgan kun kelib, Markazqo‘mga chaqirib qolishdi. V.Suskin bilan Sh.Rashidov qabulxonasiga bordik, u kishi ichkarida kim bor deb yordamchi Telman Abdushukurovdan so‘radi. Va javobini eshitgach, o‘zi ham kirib ketdi.
Qabulxonada Markazqo‘mning tashkiliy-partiyaviy va umumiy bo‘limi xodimlari bir necha kishini Sh.Rashidovga suhbatga chaqirishgan va ularni qabulini tashkil qilib turgan edi. Ular safiga men ham qo‘shildim.
Qabulni shunday tashkil qilishganki, Sh.Rashidov xonasiga kiradigan eshik ikki qavatdan iborat. Kiradigan odam ikki eshikni o‘rtasida tik turadi, qabuldan chiqadigan odam eshikni ochib chiqib ketgandan so‘ng ikki eshik o‘rtasidagi turgan odam qabulga kiradi. Bundan maqsad ikki kishini qabuli o‘rtasida ko‘p vaqt yo‘qotmaslik va asosan, xona eshigi ikki marta ochilib yopilmasligi uchun shunday tashkil qilingan. Navbatim kelganda men ikki eshik o‘rtasida tik turdim. Mendan oldin kirgan xodim chiqqunicha tez-tez soatimga qarab turdim. U kishi chamasi 5-6 minutlar o‘tgandan so‘ng chiqdi, o‘rniga men kirdim. Sh.Rashidov suhbatlar o‘tkazadigan uzun stolning to‘rida o‘tirgan ekan. Chap tomonida tumbochka ustida bir nechta telefon apparatlari turibdi. Salom berib kirdim. Menga eshitarli darajada salomimga alik olib javob berdi va o‘tirishga joy ko‘rsatdi. U kishining yonlarida Markazqo‘m sekretarlari G‘ayrat Qodirov, Yerijep Aytmurotov va bo‘lim boshliqlari Pyotr Ivanovich Senikopov, Vladimir Ivanovich Suskin o‘tirgan edi. Shoshilmasdan hujjatlarimni varaqlab, “Juda katta oilada tarbiya topgan ekansiz”, deb oilamizda 9 bola ekanimizni aytib, yana o‘tirganlarga temiryo‘l ishchisi farzandi ekanligimga ham urg‘u berib qo‘ydi. Masterlikdan ish boshlaganimni aytib, keyinchalik bir me’yorda cho‘ldagi ishlar va u yerdagi sharoitlar to‘g‘risida so‘z yuritdi. Boshqa savollar qatori “Siz Samarqand viloyatidan ekansiz, institutni bitirgandan so‘ng, nega Samarqandga ishga bormasdan cho‘lga ishga bordingiz?” deb savol berdi.
Men talabalik davrimda ikki marta cho‘l sovxozlariga paxta terimiga borib, u yerdagi hayotga qiziqib qolganimni, aholi har xil viloyatlardan kelib, ahil-inoq yashayotganini xuddi aka-ukadek bir-birlarini hurmat qilishini ko‘rib havas qilganimni aytdim. Zamon talabiga mos yangi posyolkalar, ravon ko‘chalar qurilib, shahar ko‘rinishiga ega bo‘layotganini ko‘rib, kelajakda bu yerlarda hamma sharoiti mavjud shaharchalar paydo bo‘lishiga ishonchim komil ekanligini gapirdim. U yerda mutaxassislar uchun katta imkoniyatlar yaratilayotganini va zamonaviy texnika ta’minoti, xalq xo‘jaligi kelajakda rivojlanib, mutaxassislar istiqboli uchun keng ko‘lamda zaxiralar paydo bo‘layotgani menda cho‘lga ishga borishga ishtiyoq uyg‘otganligini aytdim.
Shundan keyin Sharof Rashidov o‘zining yoshligini eslab, Samarqandda ishlaganligi va Samarqand xalqi to‘g‘risida mehr bilan gapira boshladi. So‘ngra mavzuni cho‘lga burdi. U kishi cho‘lni juda yaxshi ko‘rar edi. Shuning uchun ham har yili cho‘lga kamida ikki marta borib, butun rayonlarni aylanib chiqar, aholi, mutaxassislar, dongdor dehqonlar va rayon rahbarlari bilan uchrashar edi. Ayniqsa, cho‘lning fidoyi xo‘jalik rahbarlari, sovxoz direktorlari Sotsialistik mehnat qahramonlari Ergash Xolmatov, Mamajon Dadajonov, mashhur dehqonlar Zokir Sanaqulov, Xudoyor Latipovlar bilan uchrashib, cho‘lda yashayotganlarni ijtimoiy sharoiti va boshqa muammolari bilan qiziqar va uni hal qilish masalalarini muhokama qilishar edi. Cho‘lga yoshlarni jalb qilish sharoitlari to‘g‘risida fikr almashar edi. Men guvoh bo‘lganim cho‘lda har gektar maydondan 100 sentnerdan don hosili olamiz deb don yetishtiradigan sovxoz tashkil qilib, 50 sentnerga yaqin bug‘doy olib o‘rniga makkajo‘xori ekib, 60 sentnerga yaqin makka doni yetishtirib, cho‘lni hali foydalanmagan imkoniyatlari ko‘p ekanligini isbotlab bergan.
Mening javobimdan keyin parta orqasida o‘tirgan student cho‘lning mohiyatini shunchalik tushungan bo‘lsa, biz cho‘lni o‘zlashtirib xato qilmagan ekanmiz, dedi va:
- Bu yigit “cho‘lning burguti”, cho‘l uning makoni ekan-ku, cho‘lda o‘zini juda erkin tutib, cho‘lning barcha imkoniyatlaridan bahramand bo‘lib, uchib yurgan erkin lochin ekan-ku. Sizlar uni olib kelib, kabinetga qamab o‘tirasizlarmi? Birorta yaxshi mutaxassisni ko‘rsalaringiz, darrov yonlaringizga olib kelib olasizlar, - dedi.
Markazqo‘mga ishga o‘tish masalasi ko‘tarilgandan beri 3-4 marta kelib, bu yerda saranjom-sarishtalik, tartib-intizom va bu idoraga xos bo‘lgan ichki intizomni ko‘rib menda shu dargohda ishlash ishtiyoqi kundan kunga kuchaya borgan edi. Sharof Rashidovning ushbu gaplaridan keyin rozilik bermaydiganga o‘xshaydi deb ozroq vahima bosdi. Shunda Ye.Aytmurotov “Bir-ikki yil partiya ishini ham o‘rgataylik, keyin mas’uliyatli vazifalarga jo‘natamiz, yana “o‘zining cho‘li”ga yuboramiz”, deb qoldi. Shundan keyin Sharof Rashidovning kayfiyati yanada ko‘tarilib, bunday xodimlarni tarbiyalash va qo‘llash kerak, deb o‘rnidan turib menga qo‘lini uzatdi. Men ham minnatdorchilik bildirib, eshikka qarab yo‘l oldim. Qabulxonaga chiqqandan so‘ng soatimga qarasam, ichkarida 45 minut bo‘lgan ekanman.
Kirishga navbatda turgan yigit 45 minut ikki eshik o‘rtasida turib meni chiqishimni kutgan. Chiqqanimdan so‘ng, Markazqo‘m uchrashuvini tashkil qilib turgan mas’ul xodimlari birin-ketin mening nima uchun uzoq vaqt ushlanib qolganimga qiziqib, so‘ray boshlashdi. Mening kayfiyatim a’lo darajada edi. Shu yerda o‘tirib V.Suskinni kutdim. U kishi ichkaridan chiqqanidan so‘ng ikkalamiz bo‘lim tomon yo‘l oldik. V.Suskin tashqi ko‘rinishidan o‘z hissiyotini bildirmasa-da, bir marta “yaxshi bo‘ldi” deb qo‘ydi. Mening hujjatlarimni yaxshi kayfiyat bilan o‘rinbosari Erkin Zohidovga berib, “Oxiriga yetkaz” dedi. Uning kayfiyatini ko‘rgan Erkin Tojiyevich “Xo‘jayinning kayfiyati yaxshi, suhbatdan xursand bo‘ldimi?” deb qiziqa boshladi. Men suhbat yaxshi o‘tganligini aytdim.
Navbatdagi sekretariat yig‘ilishida tasdiqdan o‘tganimdan so‘ng bo‘limga kelib V.Suskinni kutib turdim. U “Ertaga ishga chiq”, dedi. Men “Bugun soat 15:00 da trest kengashining oylik yig‘ilishi bo‘lyapti, ertaga “Glavka”da kichik kollegiya bo‘ladi. Menga ikki kunga ruxsat bering, bir oylik ishimning natijasini yakunlab olay”, deb javob oldim. V.Suskin hukumat telefonidan N.Hamroyevga qo‘ng‘iroq qildi. Telefonni yordamchisi olib Hamroyevni o‘z o‘rnida emasligini aytdi. Shunda V.Suskin “Glavka” boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari P.X.Kanga qo‘ng‘iroq qilib, “Biz hozir Abduraimovni sekretariatda tasdiqlab, Markazqo‘mga ishga oldik, unga ikki kunga ruxsat berdik. Indinga katta kollegiya bo‘lar ekan, kollegiyadan ozod qilinglar, bu yoqqa ishga chiqsin”, dedi. V.Suskin bilan xayrlashib, trestga keldim. Markazqo‘mga ketishdan oldin trest bosh muhandisi E.M.Xeyfetsga “Hozir Ahmad Yahyoboyev keladi, birgalashib trest kengashining yig‘ilishini o‘tkazaveringlar, men biror soat chamasida kelaman”, deb ketdim.
Trestga qaytib kelsam, yig‘ilish davom etayotgan ekan. Kengash yig‘ilishiga raislik qilib davom ettirdim. Oylik ko‘rsatkichlar juda quvonarli bo‘lmasa ham qoniqarsiz emasdi. Yig‘ilishning oxirida so‘zga chiqib, “Endi sir saqlab o‘tirishning hojati yo‘q. Men hozir Markazqo‘m sekratariati yig‘ilishida tasdiqdan o‘tib, Markazqo‘mga ishga ketyapman”, dedim. Zalda g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Ahmad Mahmudovich “Kelinglar, Mansur Farmonovichga birga ishlaganimiz uchun minnatdorchilik bildiraylik”, deb ayrim yutuqlarimizga to‘xtalib o‘tdi. Jamoada bir-biriga ishonch va hurmat muhitini yaratdi va boshqa ijobiy holatlarimizni eslab, minnatdorchilik bildirdi. Markazqo‘mdek yuqori davlat boshqaruv organiga “Glavsredazirsovxoz”dan birinchi bo‘lib ishga o‘tayotganimni ham eslatib o‘tdi. Bunda kollektivning ham katta hissasi borligini alohida qayd etdi.
Buni yozayotganimning bitta sababi bor: Sharof Rashidov qanchalik yuqori lavozimda ishlagan bo‘lmasin, oddiy odam, yoshlar bilan do‘stona, samimiy suhbatlashar, uning fikrlari, orzu-intilishlariga bee’tibor bo‘lmasdi. Bunga men - Mirzacho‘lda oddiy elektrik chilangarlikdan O‘zkompartiya MK xodimi, keyinchalik Bolshevik (hozirgi Past Darg‘om tumanining Go‘zalkent hududi) tumani rahbari, viloyat hokimining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan shaxs sifatida e’tirof etyapman.
Mansur Abduraimov,
mehnat faxriysi.