Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqi tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi
Taniqli adib, yirik davlat arbobi Sharof Rashidov 1917 yil 6 noyabrda Jizzaxda tavallud topdi. Avval Jizzax pedagogika texnikumida, so‘ngra Samarqand davlat universitetida tahsil oldi.
Mehnat faoliyatini Samarqand viloyatining “Lenin yo‘li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasida boshladi, urushdan keyingi yillarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosati raisi bo‘ldi.
Sharof Rashidov 1959 yildan 1983 yilgacha O‘zbekiston Kompartiyasining birinchi kotibi lavozimida ishlab, xalqimiz qalbidan joy oldi.
Kechagi kunimiz – tarix. Bugungi kunimiz – haqiqat. Ertangi kunimiz – tiniq orzu. Bularni boricha ifodalash, baholash lozim. O‘zbekiston tarixini milliy ruh bilan yaratishda tarixda yorqin izini qoldirgan buyuk shaxslarning hayot faoliyatini o‘rganish muhim ahamiyatga ega. Chunki ularning tarixi yoshlarimizga ibrat bo‘ladi. Shu jihatdan yaqin tariximizda ibrat bo‘ladigan shaxslardan biri qariyb chorak asr davomida O‘zbekistonni boshqargan buyuk davlat arbobi va taniqli yozuvchi Sharof Rashidovdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 27 martdagi “Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida Jizzax shahrida ushbu shaxsning memorial muzeyi tashkil qilindi. Muzeyga kiraverishda Shavkat Mirziyoyevning “Hech shubha yo‘qki, Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Sharof Rashidov o‘z xalqiga va Vataniga fidoyi farzand edi”, degan so‘zlari bitilgan. Haqiqatda Sharof Rashidov nomini o‘zbek xalqining tarixidan, hayotidan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunday shaxslarni, millat yetakchilarini qoralash, O‘zbekiston xalqini qoralash bilan barobar.
Afsuski, mustabid tuzum davrida Sharof Rashidov tirikligida qanchalik qadrlanishiga qaramasdan, bu dunyoni tark etgandan keyin xotirasiga nisbatan qilingan adolatsizliklar, tuhmatlar nafaqat u kishining, balki butun millatning sha’nini poymol qilish bilan barobar bo‘ldi. O‘zbekistonni murakkab sharoitda boshqargan Sharof Rashidov dunyodan ko‘z yumgandan keyin o‘zi umr bo‘yi sadoqat bilan xizmat qilgan tuzum unga xiyonat qildi. Uning qabrini ko‘chirdilar, nomini yomon otliqqa chiqardilar, oila a’zolarini yaqinlarini ta’qib qildilar. Dunyoda shunaqa adolatsizlik ham bo‘ladimi? Inson tiriklik paytida uni ko‘klarga ko‘tarib, vafotidan so‘ng yer bilan yakson etsa, bu qanday davlat, qanday jamiyat bo‘ldi degan savol albatta har bir kishini o‘ylantiradi.
Bunga javob topish uchun “Kecha kim edigu bugun kim bo‘ldik?” degan savolga javob topishimiz lozim bo‘ladi. Haqiqatda, biz kecha mustamlaka qurboni edik, bugun esa mustaqillik sultoni bo‘ldik. Tarix guvoh, agar xalq mustaqil bo‘lmasa, hayotda shunday adolatsizliklarga duch kelinar ekanki, xalqini, uning dehqoni, ishchisi, olimu ulamolarini, davlat arboblarini ham istagancha xor qilishi insoniy sha’nini tuproqqa qorishi mumkin ekan. Buni biz yaqin tariximizda ko‘rdik va boshimizdan o‘tkazdik.
Mustaqillikning ahamiyatini anglashda buyuk inson, davlat arbobi Sharof Rashidovning hayotini, murakkab faoliyatini va unga nisbatan qilingan adolatsizliklarni xolisona o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun birinchi galda Sharof Rashidov qanday shaxs, rahbar ekanligiga nazar solish lozim bo‘ladi.
Hech qanday mubolag‘asiz Sharof Rashidov Allohning nazari tushgan ziyoli inson edi. Sharof Rashidov uchun eng murakkab vaziyat mustabid tuzumning mustamlakachilik siyosati edi. Boshqacha aytganda, u kishi rahbarlik qilgan zamon va makon, ya’ni “Kelajagimiz – kommunizm!” degan mustabid davr o‘ta murakkab edi. Ana shunday noqulay davrda yashab, O‘zbekiston xalqining manfaatini ifodalash va taraqqiyotni ta’minlash uchun inson kuchli iroda sohibi bo‘lishi kerak. Sharof Rashidov ana shunday murakkab vaziyatda dono siyosat yuritib O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng kuchli mamlakatga aylantira oldi.
Sharof Rashidov davridagi yana bir murakkab vaziyat, bu 1966 yil 26 apreldagi Toshkent shahrida sodir bo‘lgan zilzila bilan bog‘liq. Ana shunday vaziyatda Sharof Rashidov nafaqat O‘zbekiston Respublikasini, balki butun sovetlar mamlakatini zilzila oqibatlarini bartaraf qilishga jalb qilishga erishgan. Natijada qisqa muddatda paxsa uylar o‘rniga Toshkent yangicha zamonaviy qiyofaga ega bo‘ldi. Darvoqe, zilzila oqibatlarini bartaraf qilish masalasi muhokama qilinayotgan vaqtda Moskvadan kelgan rahbarlar Sharof Rashidovning taklifini qabul qilmaydi. Shunda yana kkuchsiz yer silkinishi sodir bo‘ladi. Ana shunda Sharof Rashidov “Ko‘ryapsizlarmi biz qanday murakkab sharoitda faoliyat olib boryapmiz”, deydi. Shundan so‘ng ittifoq rahbari L.Brejnev taklifni qabul qiladi, bundan keksa avlod xabardor. Bu yerda qandaydir ilohiylikni ko‘rish mumkin va bu bizni yuqoridagi Allohning nazari tushgan xalq degan fikrimizni tasdiqlaydi.
Sharof Rashidov nafaqat bir respublika, balki global miqyosda fikrlaydigan lider bo‘lgan. Masalan, 1962 yildagi Karib inqirozi deb nom olgan AQSh bilan Kuba o‘rtasidagi ziddiyatni bartaraf qilishda Sharof Rashidovning hissasi ham beqiyos. Yoki uzoq yillar davom etgan Hindiston bilan Pokiston o‘rtasidagi urush holatini bartaraf qilishda 1966 yildagi Toshkent deklaratsiyasi muhim rol o‘ynagan. Umuman, Sharof Rashidov SSSR mamlakatining tashqi siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etib, ko‘plab delegatsiyalarga rahbarlik qilgan. Hatto o‘sha mashhum 1983 yilda ham Sharof Rashidov Efiopiyaga rasmiy tashrif bilan safarga borgan edi.
Endi adolat yuzasidan o‘sha zamonda ro‘y bergan korrupsiya illati to‘g‘risida gapirsak. Bu ham o‘ta murakkab vaziyatlarni yuzaga keltirdi. Millatning “elitasini” sahnadan tushirish, buning zamirida millatni qoralashga qaratilgan “Paxta ishi” o‘zi bir katta adolatsizlik tarixi. Qisqasi, korrupsiya illatining kelib chiqishi paxta yakka hokimligini o‘rnatilishi bilan bog‘liq. Bu mashaqqatli mehnatni bizga oldin chor Rossiyasi, so‘ngra mustabid tuzum egalari taqdirimizga bog‘lashdi.
Sharof Rashidovning vafot etishi ham aynan ana shu paxta fronti bilan bog‘liq edi. Efiopiyadan safardan kelgandan so‘ng tezda Xorazm viloyatiga tashrif bo‘ldi, chunki paxta yig‘im-terim jarayoni ketayotgan edi. So‘ngra SSSR ministrlar soveti raisining birinchi o‘rinbosari H.Aliyevning kelishi munosabati bilan Urganchdan yana Toshkentga uchishga to‘g‘ri keladi. Uchrashuv tugagach, Sharof ota Toshkentdan Urganchga uchib boradi va Urganchdan Qoraqalpog‘istonga borish kerak bo‘ladi. Aynan shu yo‘lda yurak xurujiga uchrab vafot etadi.
Biz bugun mustaqil mamlakatda yashab turib Sharof Rashidov yashagan davrni to‘g‘ri anglagan holda fikrlashimiz kerak. O‘sha vaqtda Sovetlar mamlakatining rahbari N.Xrushev “Amerikani quvib yetish va undan o‘zib ketish” (Dognat i peregnat Ameriku) shiorini ilgari suradi. Ana shundan so‘ng butun mamlakat miqyosida, jumladan O‘zbekiston Respublikasida rekordning orqasidan quvish boshlanadi. O‘zbekistonga ham paxta tayyorlashni 6 million tonnaga chiqarishga intilish boshlanadi. Buning oqibatida esa paxtani qo‘shib yozish va korrupsiya illati kuchayib ketadi. Buni to‘xtatish Sharof Rashidov imkoniyatidan tashqarida edi. Shuning uchun paxta muammosi Sharof Rashidovning aybi emas, balki ofati, falakati edi. Buni anglash Sharof Rashidov shaxsiga ob’yektiv va xolisona baho berishda muhim ahamiyatga ega.
Yaratganga behisob shukr, mustaqillik tufayli tarixiy adolat tiklandi. Sharof Rashidov buyuk shaxs sifatida qayta tanildi va tan olindi. Ko‘rinib turibdiki, tarix ulug‘ murabbiy va buyuk tarbiyachidir. Inson va jamiyat o‘tmishdan to‘g‘ri xulosa, saboq chiqarib yashagandagina tarixiy adolatni qaror toptirish, o‘z taqdiri va kelajagini o‘z qo‘li bilan barpo etishga qodir bo‘ladi. Sharof Rashidov O‘zbekiston tarixida buyuk shaxslar qatoridan munosib o‘rin olishga haqli.
Mamayunus Pardayev,
Farhod Nabiyev,
professorlar.