“Sharq taronalari” XIII Xalqaro musiqa festivalining matbuot markazi faoliyatini boshlashga tayyor
26-30 avgust kunlari Samarqand shahrida “Sharq taronalari” XIII Xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda ushbu xalqaro tadbirga yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Jumladan, festivalni nafaqat mamlakatimiz, balki dunyoning barcha qit’alari bo‘ylab keng yoritish uchun bir qator ishlar qilinmoqda. Samarqand shahridagi yoshlar markazida xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun 120 o‘rinli “Sharq taronalari” XIII Xalqaro musiqa festivali matbuot markazi tashkil qilindi.
- Matbuot markazida 80 ta kompyuter va printer o‘rnatilgan, ular yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulangan, - deydi Madaniyat vazirligi axborot xizmati mas’ul xodimi Orifjon Fayziyev. - Shuningdek, matbuot markazi tomonidan Wi-Fi internet tarmog‘i havola hamda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlardan olingan rasm va video ma’lumotlarni o‘zida jamlovchi (QR-kod) baza tashkil etilgan.
Ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalist va blogerlar matbuot markazida festival doirasida Registon maydonida bo‘lib o‘tayotgan barcha tadbirlarni katta Led-ekran orqali online rejimida kuzatib turish imkoniyati ham yaratildi.
“Sharq taronalari” XIII Xalqaro musiqa festivalini yoritish uchun xorijdan hozirgacha 50 nafarga yaqin ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishi ma’lum qilingan.
Bundan tashqari, respublikamizning 70 nafardan ko‘proq jurnalistlari, shuningdek Samarqand viloyatidagi barcha ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar xalqaro musiqa festivali doirasidagi xabarlarni o‘z axborot resurslari orqali tarqatishlari uchun “Matbuot markazi”da ishlashlari mumkin.