Shavkat Mirziyoyev: «Joylarda haqiqatda ekilmagan jami 5 million tup ko‘chatlarni hisobotda qo‘shib yozish holatlari bor»
“Yashil makon” dasturi doirasida bahor mavsumida 125 million tup ko‘chat ekish reja qilingan.
“Mavsum tugashiga ham ozgina vaqt qoldi. Lekin, bu borada qilingan ishlar ahvoli meni xavotirga solmoqda. Ayrim hududlarda hali ham ishlar nomigagina tashkil etilib, ko‘zbo‘yamachilik davom etayotgani to‘g‘risida menda ma’lumotlar yetarli, - dedi Prezident. - Misol uchun, joylarda haqiqatda ekilmagan jami 5 million tup ko‘chatlarni hisobotda qo‘shib yozish holatlari bor».
Shu bois mutasaddilarga aprel oyida barcha qoloqliklar va kamchiliklarni to‘liq bartaraf etish topshirildi.
Umuman, aprel oyi yakuniga qadar viloyat hokimlari tegishli idoralar bilan birga:
- tumanlardagi yirik mahallalarga 20-30 ming, o‘rta mahallalarga – 10-15 ming, kichiklariga – 3-5 ming terak qalamchalari;
- shaharlarning har bir mahallasiga 3-5 ming terak qalamchalari ekilishini ta’minlashi;
- avtomobil yo‘llari bo‘yida kamida 5 million tup terak ko‘chatlari va qalamchalari ekishni tashkil qilishi shartligi ta’kidlandi.