Shavkat Mirziyoyev: "Samarqandda sun’iy intellekt bo‘yicha konferensiya o‘tkazishni taklif qilaman"

Kelgusi yil O‘zbekistonda shaxmat va futbol bo‘yicha yoshlar jamoalari o‘rtasida MDH ochiq kubogi musobaqalari ham o‘tkaziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Moskvada MDH davlat rahbarlari kengashining majlisida navbatdagi konferensiyani Samarqand shahrida sun’iy intellektni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazishni taklif etdi.

Mirziyoyev o‘z nutqida hamkorlikning iqtisodiy yo‘nalishida birgalikdagi faoliyatni kuchaytirish ustuvor vazifa ekanini qayd etdi. Bildirilishicha, O‘zbekistonning MDH mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 16 foizga oshgan.

Prezident, shuningdek, kelgusi yil bahorida Toshkent shahrida "Innoprom" xalqaro sanoat ko‘rgazmasi doirasida MDH Iqtisodiy kengashi yig‘ilishi va Innovatsion rivojlanish forumini o‘tkazishni taklif etdi.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining Toshkent konferensiyasi natijalarini hisobga olgan holda, uzoq muddatli sheriklikning yangi ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, internet texnologiyalari va "katta ma’lumotlar" industriyasini rivojlantirish, raqamli yechimlarni jadal joriy etish, kreativ iqtisodiyot, yashil energetika va yadro texnologiyalari, iqlim muammolari va boshqalar shular jumlasidan.

Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish maqsadida Hamdo‘stlik davlatlari madaniyati kunlarini o‘tkazish taklif qilindi. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash, ta’lim, san’at, kino, turizm va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar dasturini har yili tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.

Samarqand va Toshkentni tegishlicha Hamdo‘stlikning madaniy poytaxti va yoshlar poytaxti deb e’lon qilinishi doirasidagi loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bundan tashqari, kelgusi yilda O‘zbekistonda shaxmat va futbol bo‘yicha yoshlar jamoalari o‘rtasida MDH ochiq kubogi musobaqalari o‘tkaziladi.