"Shavkat Mirziyoyev yoshligidan faol va intiluvchan bo‘lgan"

Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash "Ulug‘bek" jamg‘armasi ijrochi direktori, akademik Oqil Salimov Qo‘qon shahridagi 6-o‘rta ta’lim maktabida yoshlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda mamlakatimiz Prezidenti bilan Irrigatsiya institutida ishlagan davrlarini yodga oldi.

"Shavkat Miromonovichning odamlarni birlashtirish, bir g‘oya ortidan ergashtirishga bo‘lgan qobiliyati o‘sha davrda ham yaqqol namoyon bo‘lgan. Bugun biz ushbu qobiliyatlarini qo‘shni mamlakatlar bilan hamdo‘stlik aloqalarini mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida o‘z ifodasini topayotganini ko‘rishimiz mumkin. Markaziy Osiyo davlatlarining hamdo‘stligi, yangi davrda, hech qachon bugungidak mustahkam bo‘lmagan. Nafaqat qo‘shni mamlakatlar, balki butun dunyo bilan munosabatlarimiz ishlab chiqarish, savdo, ilmiy hamda madaniy-ma’rifiy sohalarda yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

O‘tgan yili Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivali bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Festival hunarmandchilik, sayyohlik, turizm infrastrukturasi bilan bir qatorda Qo‘qonda madaniyat va san’at sohalarining rivojiga katta hissa qo‘shdi.

Shavkat Mirziyoyevning Irrigatsiya institutida talabalar va o‘qituvchilarning sharoitlarini yaxshilashga bo‘lgan intilishlarini bugun biz Prezident sifatida amalga oshirayotgan xalqparvar siyosatida namoyon bo‘layotganini ko‘rmoqdamiz. Prezidentimiz tomonidan bugun olg‘a surilayotgan g‘oyalar nazariy tushunchalarga emas, balki shaxsiy hayotiy tajribaga asoslangan.

Aynan shuning uchun barcha qobiliyat va ko‘nikmalar yoshlik davrida shakllanishini chuqur his etayotgan Shavkat Miromonovich bugungi yoshlarimizning salohiyatini namoyon etish, intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga yuksak e’tibor qaratmoqdalar. Mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga qaratilayotgan e’tibor - O‘zbekistonning ertangi kuni, uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan siyosatdir", dedi akademik Oqil Salimov.

Uchrashuvda ishtirok etgan akademik Sa’dulla Iskandarov ham Shavkat Mirziyoyevning yoshlar tashkilotida rahbarlik lavozimlarida ishlagan davrlarini yodga oldi. Talabalarga barcha sohalarda munosib sharoitlar yaratish, manfaatlarini himoya qilishdagi tashabbuslari xususida so‘zlab berdi.