Sherzod Qudbiyev Davlat soliq qo‘mitasining raisi bo‘ladi
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda parlament quyi palatasida tarkib topgan yangi amaliyotga muvofiq, deputatlar Hukumat a’zoligiga tayinlanayotgan nomzodni ko‘rib chiqdilar.
Bu gal O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga nomzod muhokamasi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Qudbiyevning nomzodi ko‘rsatilgan.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga nomzodi ko‘rsatilgan Sherzod Qudbiyev parlament a’zolari tomondan ko‘tarilgan savollarga atroflicha javob qaytardi. Nomzod mazkur lavozimga kirishganidan so‘ng soliq sohasidagi islohotlarning samaradorligini ta’minlash maqsadida kelgusida amalga oshiriladigan ishlar haqida qisqacha axborot berdi.
Savol-javob, muhokamalardan so‘ng majlis yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sherzod Qudbiyevni O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimiga ma’qullash haqidagi qarori qabul qilindi, deb xabar berdi "Xalq so‘zi" nashri.