Shifokorlar nega bemorga dori vositalarini retsept blankasiga yozish o‘rniga oddiy qog‘ozga yozyapti?
Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Prezidentning 2022 yil 26 oktyabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan muntazam nazorat tadbirlari va tahlillar o‘tkazilmoqda.
O‘rganishlar davomida 2-9 dekabr kunlari 78 holatda shifokorlar tomonidan dori vositalari tasdiqlangan retsept blankasiga yozish o‘rniga oddiy qog‘ozga yozib berilayotganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, tuman-shahar prokurorlari tomonidan xususiy tibbiy klinikalar va dorixona rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilib, 612 nafar tibbiyot muassasalari rahbarlari, shifokor hamda ijtimoiy dorixona mudirlari rasman ogohlantirilgan.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida tibbiyot muassasalari shifokorlari tomonidan xususiy firmalarning blankalariga retsept yozish va bemorga davolash standartida belgilangan dori vositalaridan tashqari qo‘shimcha, ya’ni talab etilmaydigan turli firmalarning qimmat dorilari yozilishining oldi olinmoqda.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan ushbu yo‘nalishda aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan bitta taqdimnoma kiritilib, 37 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi.