Shifokorning ko‘rgan kechirganlari: Hayotga qaytish (4-qism)
Katta-kichik traktorlarni ko‘rib yoshligim esimga tushib ketdi. Maktabni bitirgan yilim oliy dargohga o‘qishga kira olmadim. Qishloqqa qaytdim, shunda otam endi nima ish qilasan, deb qoldi? O‘qishga kirmadimmi — tamom, endi traktorchi bo‘laman, dedim. Otamning jahli chiqmadi, mayli bolam, bir o‘ylab ko‘r, - deya o‘zimga qo‘yib berdi.
Ertasiga hech ikkilanmasdan qishlog‘imizning traktorchilari rahbari, ya’ni bosh injener Rixsiboy akaning oldiga bordim. O‘sha paytlari o‘n yillik qishloq maktablarida 9-10 sinf dars rejasiga traktorchilikni o‘rgatadigan maxsus texnika fani mavjud edi. Hammamiz biroz bo‘lsa-da, traktorchilikdan xabarimiz bor edi, hatto guvohnoma ham berishgandi. Rixsivoy aka arizangni yoz, keyin men imzo chekaman, so‘ngra guvohnomangni olib sovxozning bosh otdel kadriga borasan, dedi. Men xursandchiligimdan siz rozi bo‘lsangiz bo‘ldi, sovxoz markaziga bugunoq boraman, dedim. Bosh injener arizamga imzo chekdi. Sovxoz markazidagi kadrlar boshlig‘i katta yoshlardagi rus odam ekan. Hujjatlarimga qaradi-da, “Takoy molodoy paren, xochet stat traktoristom, tak chto nado uchitsya”, deb hujjatlarimni qabul qildi.
- Traktorchilikning nimasi yomon ekan, qanchadan-qancha erkaklar traktor haydab bola-chaqasini boqyapti. Ammo sentyabr oyining oxirigacha menga hech kim traktor haydatmadi. Haydatish u yoqda tursin mindirmadi ham. Faqat ertadan kechgacha temir-tersak tashitishardi. Kunlardan bir kun bosh injener chaqirib paxta teradigan mashinani haydashni bilasanmi, deb qoldi. Maqtanib bilsam kerak, dedim. Shundan so‘ng avval O‘rinboy aka degan, keyin qo‘shnimiz Ergash aka degan paxta teruvchi traktorchilarga meni biriktirib qo‘ydi. Ular ham zo‘r odamlar ekan, menga ertalab ham, kechqurun ham faqat traktorni yuvishni buyurardi, xolos. Bir haftaga bormay qo‘shni Ergash akaning beli og‘rib uyida yotib qoldi. Xullas, traktor menga tegdi, o‘zim xo‘jayin, o‘zim xon edim. Bir-ikki kun, to‘g‘risi, rosa qiynaldim. Sal e’tibor bermasang bo‘ldi. Egatdan chiqib paxtani payhon qilardi. Ayniqsa, dala chetiga chiqqanimda burilish ancha qiyin edi. Kun bo‘yi dalani aylanib bor-yo‘g‘i 1-2 bunker, ya’ni bir yarim tonna paxta terardim. Shunda o‘zimga-o‘zim Tursunoy Oxunova qanaqa qilib, 400-500 tonna paxta terar ekan, deb o‘ylab qolardim.
Oradan bir haftacha o‘tganda qo‘shni Ergash akani ko‘rib qoldim. Bechora belangi bo‘lib hassa suyanib qolibdi.
– Bolam, - dedi u hassasini qo‘liga olib, bitta tovuqqa ham suv, ham don kerak. Traktorning ham motoridagi moyini, suvini qarab tur. Kamayib ketsa motor juda tez ishdan chiqadi.
- Xo‘p bo‘ladi, - dedim-da traktorni haydab ketdim.
Ammo bunaqa haydash 2-3 haftaga ham bormadi, radiator teshilib, ichidagi suvi oqib ketibdi, yaxshiyamki motorga unchalik shikast yetmabdi. Qarang, yangi radiator kelmasidanoq, paxta yig‘im terimi yakunlandi. Yana eski tos, eski hammom boshlandi. Ertadan kechgacha garajdagi traktorlarning motorini yuvardim, g‘ildiraklarini almashtirib ularning ichini moylab yana joyiga qo‘yardim. Katta yoshdagi traktorchilar bosh injener Rixsivoy akaning nazoratida traktorning motorini ochardi. Uning ichidagi bor-budini tashqariga chiqarib yangisini qaytadan qo‘yardi. Bu jarayon juda murakkab va og‘ir edi. Ko‘pincha motorni 3-4 kishi bo‘lib ko‘tarishardi. Kunlarning birida bosh injener muovini Naman akaning mazasi bo‘lmay qoldi. U temir-tersaklarning ichida buralib ag‘anab yotardi. Ko‘zlari ola-kula bo‘lib, og‘zidan ko‘pik kelardi. Shunda katta traktorchilardan biri menga qarab, “osh qoshiq olib kel”, deb baqirdi. Qarang qoshiq olib kelganimcha, u kishi Naman akaning jag‘ini ikki tomondan siqib ushlab turgan ekan. Besh-olti daqiqa o‘tmasdan Naman aka o‘rnidan turib ust-boshini qo‘li bilan qoqdi. Chetroqqa chiqib yuz-qo‘lini yuvdi. Hech narsa bo‘lmaganday indamay ketib qoldi. Rixsivoy aka kelib, hammani yana ishga chorladi. Shu-shu, men Naman akadan cho‘chiydigan bo‘lib qoldim. Keyin bilsam u kishining tutqanog‘i bor ekan. Yiliga uch-to‘rt marta shu holat kuzatilar ekan.
Kunlar-oylar o‘tib, yana avgust keldi, o‘qishga borish kerak deb ta’tilga chiqdim. Oliy ta’limga kirish yana nasib qilmadi. Hamma fanlardan "3" oldim. Oxirgi og‘zaki imtihonni topshirish jarayonida biologiya o‘qituvchisi Po‘lat aka aytdi, sening biliming bor, ammo “3” dan yuqori emas, ozroq tayyorlanish kerak.
Bu safargi yiqilish o‘zimga ham, ota-onamga ham yoqmadi. Ikkita katta opam o‘qituvchi bo‘lganligi uchun meni gap bilan “tishlab-tishlab” olishdi. Bir hafta o‘tar-o‘tmas yana garajga ishga chiqdim. Alamimni ishdan olishga harakat qildim. Kechga borib butun ust-boshim, kiyimlarim qora moy bo‘lib ketadi. Uyda bo‘lsa otamning taklifiga binoan menga alohida ko‘rpacha, o‘rin-ko‘rpa qilib qo‘yishibdi. Chunki kiyimimning hammayog‘idan solyarkaning hidi kelardi. To‘g‘risi, otamdan bekitib, onam o‘rin-ko‘rpalarimning jildini tez-tez almashtirardi. Kunlardan birida onam gapirib qoldi:
- Bolam, nimagadir qo‘l ro‘molchalaring, ichki kiyiming, hatto yostig‘ingning bir chetida qon izlarini ko‘ryapman, tinchlikmi?
- Bilmayman, tez-tez burnim qonaydigan bo‘lib qoldi. Paxtaning changidan bo‘lsa kerak.
- Otangning ham yoshligida ko‘p burni qonagan.
Lekin menga kelgan bu dard bir-ikki kunda ketadiganga o‘xshamaydi. Asta-sekin burnimdan qon ketishi kuniga 5-10 marotabaga chiqdi. Rangim oqarib, ancha quvvatsiz bo‘lib qoldim. Paxta terimi boshlanmasdan kasalxonaga yotishga to‘g‘ri keldi. Ammo ahvolim kasalxonada yanada yomonlashdi. Do‘xtirlar vazelin bilan moylangan uzun bintni burnimdan tiqib og‘zimdan chiqarib olardi. Hatto uxlab yotganimda ham qon ketib qolardi. Kunlarning birida ToshMida o‘qiydigan 3-4 ta talaba oppoq xalatda davolovchi shifokor bilan meni ko‘rishga kirib qolishdi. Ularning qosh-ko‘zlarining tiniqligi, yuzlarining tozaligi ust-boshiga oppoq xalatning yarashgani rom qilib qo‘ydi. Shunda men otamga sekin ovoz bilan: “Ota, men do‘xtir bo‘laman. Men o‘lmayman”, dedim. Keyin bilsam bosh shifokor bir kun avval “o‘g‘lingizning ahvoli og‘ir, Toshkentga olib bormasangiz bo‘lmaydi”, degan ekan. Xudoning qudrati bilan ertasiga o‘rnimdan turib, bir tomondan devorni, ikkinchi tomondan otamning yelkasini ushlab yura boshladim. Shunda bir qrim-tatar farrosh ayol “Bolangizga, shirin-shakar, qiyomni kamroq bering”, deb qoldi. Qarang, haqiqatan ham shu narsalarni yeyishni kamaytirgan edim, kasallik ham orqaga chekina boshladi. Hatto oktyabrning oxiriga borib, ishga chiqib ketdim.
Kuzning salqin kunlari, paxta ham kam qolgan, uchinchi terim payti. Katta tajribali mexanizatorlar bunday paytda terimchi mashinani yoshlarga beradi. Ko‘proq kechasi navbat bizlarga tegardi. O‘shanda juma kuni edi, vaqtni qizg‘anib kechki ovqatni yemasdan paxta terishni davom ettirdim. Soat to‘qqiz-o‘nlarga borib, mashinaning bunkeri paxtaga to‘lib toshdi. Xirmonga kelsam qandaydir bir odam dalaning chetida olov yoqib, isinib o‘tiribdi. Birdaniga boshimga bir narsa urildi, axir paxta dalasida olov yoqish mumkin emas-ku. Paxta tergich traktorning kabinasidan sekin tushib, u kishining oldiga keldim. Salom berdim. U ham rus tilida salom berdi. Rus tilida “Sen menga e’tibor berma, juda sovuqqotib ketdim, - dedi. - Keng dalada bir o‘zi traktorda paxta terayotgan kim ekan, deb qiziqib qoldim. Aytib qo‘yay, bugun sovxoz bo‘yicha sen eng ko‘p paxta terding, molodets. Yana demoqchiman, bu atrofda koreys bolasining mashinada paxta terganini hech qachon ko‘rmaganman", dedi. Birdaniga hovliqib, men koreys emasman, desam, o‘xshar ekansan. Lekin men koreysman, katta rahbar bo‘lib ishlayman. Senga nima yordam beray, deb so‘radi. Jahlimni bosib, o‘qishni xohlayman, dedim. “Yaxshi, ertaga ertalab sovxoz markaziga kel, men direktorning xonasida bo‘laman”.
Qani endi tezroq tong otsa. Ertalab yelkamgacha tushgan sochlarimni yaxshilab yuvib (u paytlari soch o‘stirish moda edi) markazga bordim. Navbat kutib direktorning qabuliga kirsam, kechagi koreys odam ham shu xonada ekan. Xo‘sh, bolam, qayerga o‘qishga bormoqchisan?, dedi. Men baralla: “ToshMIga” dedim. Shunda direktor:
- Annayev, ToshMI qoptimi, bizga irrigator yoki agronom kerak. Sen polvonning bolasimisan?
- Ha, Husanboy polvonning katta o‘g‘liman.
- Unda menga qara, otang paxta sug‘organ, paxta yetishtirgan, sen ham shu ishni qilasan. Qishloq xo‘jaligi institutining tayyorlov kursiga jo‘natamiz, bo‘ladimi, - deb koreys odamga qaradi.
Lekin koreys odam “bu yigitga ToshMIning tayyorlov kursiga yo‘llanma bering. Tumanimizda, qolaversa, sovxozda mahalliy shifokorlar yo‘q”, degan taklifni aytdi. Keyin bilsam bu mehmon “yuqoridan” ekan. Direktor rozi bo‘ldi.
Shu yili noyabr oyining o‘n birinchi sanasida ToshMining tayyorlov kursi talabasi bo‘ldim. Imtihonlarni yaxshi va a’lo topshirdim. E’tiborlisi shundaki, tayyorlov kursiga quruvchi, traktorchi, paxtakor, armiya safidan qaytgan askarlar qabul qilinar ekan. Ularning ko‘pchiligining yoshi mendan katta edi. Shuning uchun ham biz biroz ulardan bilimdonroq chiqdik. Ammo tayyorlov kursida o‘qish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, haqiqatan avval oliy o‘quv yurtiga kirish darajasidagi bilimim bo‘lmagan. O‘qish, bilim olish ko‘zimni ochdi. Hammasidan biologiya o‘qituvchisi bilan yaqin shogird-ustoz bo‘lib ketdik, u menga “3”ni endi”5” qilasan, - dedi. Keyin bilsam kirish imtihonini olgan Po‘lat aka ekan.
O‘qishning birinchi haftasidayoq ToshMIning quloq, tomoq, burun-lor klinikasiga murojaat qildim. Yoshi oltmishlarni qoralab qolgan Sayfiddin degan shifokor meni qabul qildi. Judayam muloyim do‘xtir ekan:
- Qani, burningni ichini bir ko‘raylik, - dedi. Peshonasidagi lampa chirog‘ini yoqib asta tikildi. - Bolam seni nima bezovta qiladi.
Shunda men uning yuziga arang qarab, "Burnim ko‘p qonaydi", dedim. "Bunaqa burun bilan shuncha joyga yetib kelibsan, juda yaxshi. Xo‘sh, qayerdan kelgansan?", deb so‘radi. Men darrov Oqqo‘rg‘ondan deb javob berdim.
- Otangning sigiri bormi? - desa bo‘ladimi. “Ha, amaki ikkita, biri sog‘in sigir”.
- Unda yaxshi, onang sariyog‘ qiladimi?
- Ha, amaki. Ertalab har kuni sariyog‘siz choy ichmaymiz.
- Unda gap bunday, burningni ichi mayda yara-chaqalarga to‘lib ketibdi. Ustini qatalog‘ bosgan. Burningni ichi qichiydimi?
- Ha, juda ko‘p qichiydi. Keyin sen uni ko‘rsatkich barmog‘ing bilan kovlaysan, to‘g‘rimi?
- Ha.
- Endi gap mundoq. Uyingga bor-da, har kuni sariyog‘ni burningni ichiga kuniga 2-3 marta surtasan, tamom, qarabsanki bir haftada otday bo‘lib ketasan.
Xuddi shunday bo‘ldi ham, o‘n-o‘n besh kunda menga shuncha azob bergan kasallikdan qutulib qoldim. Demak, yuqori dargohlarda ishlaydigan shifokorlarning didi juda baland ekan-da...
Ana shu xotiralarni xayol surib Vladimir Ivanovich bilan 1-2 kilometr yurib qo‘yibmiz. Endi buyog‘i qamishzor, to‘qayzor bo‘lib yotgan juda katta maydonga kirib kelibmiz.
- Mana, ko‘rib qo‘ying, avvallari har qanaqa yo‘l bo‘lsa ham moxovxonalarni odamlar yashab turgan joydan olis hududlarga qurishga harakat qilishgan. To‘g‘risi, ham bemorlarni, ham ichki ideologiyamizni yashirishga harakat qilganmiz. Iloji boricha butun borlig‘imiz bilan moxovlarni tashqi dunyodan ajratib qo‘yganmiz. Bemor yo‘q, demak, infeksiya yo‘q, qabilida ish yuritganmiz. To‘g‘rirog‘i, boshqa tayinli uslub ham bo‘lmagan, sababi, kasallikning maxsus davosining o‘zi yo‘q edi. Keyin qarabsizki, moxovlar to‘g‘risida har xil afsonaviy gaplar ko‘payavergan. Emishki, ular “Borsa-kelmas” degan orolda saqlanar ekan. U yerga hech kim kiritilmaydi, hech kim chaqirilmaydi. Bemorlar umrining oxirigacha shu joylarda o‘lib ketaveradi. Bu gaplarning hammasi safsata, uydirma. Aytib qo‘yay, shundoq Toshkentdek poytaxt do‘xtirlarining orasida ham eskicha o‘ylaydiganlari juda ko‘p. O‘ylaymanki, bunday fikrlaydiganlarning hammasini keyinchalik o‘zingiz to‘g‘rilaysiz. Siz yoshsiz, biz esa keksayib bormoqdamiz. Bu sohada juda ko‘p ishlarni qaytadan qurish lozim, - derdi sherigim.
To‘g‘risini aytsam, moxovxona to‘g‘risidagi qo‘rqinchli gaplar ayrim paytlari o‘zimizga ham yoqib ketardi. Sababi, kasalxonani tekshirish uchun kelgan katta mulozimlar Nukusdan nariga o‘tmasdi. Hamma taftish ma’lumotlarini, o‘zimiz to‘g‘rimizda o‘zimiz yozib berardik. Keyin 3-4 yil davomida yuqoridan keladigan komissiya deganlari qadamini bosmay ketardi. Aytish kerakki, bu joylarga poytaxtdan katta lavozimlarda ishlaydigan birorta tayinli rahbar qadam ranjida qilmagan. Aksariyat hollarda mahalliy rahbarlar bayram kunlari bir-bir kelib qolardi. Lekin Qoraqalpog‘istondan tibbiyot sohasida chiqqan ikkita akademik bor. Biri Chorjo‘y Abdirov, ikkinchisi Tursunboy Eshanov. Ikkalasining ham leprologiya sohasida bajargan ham ilmiy, ham amaliy ishlarining salohiyati juda katta. Bu sohada chiqqan monografiyalari butun sobiq ittifoq leprologlarining kundalik darsliklari hisoblanadi. Vaqt keladi, men sizni ular bilan tanishtiraman.
Egamberdi Eshboyev.
Davomi bor.