Shifoxonalar, tibbiy yordam brigadalari hamda ish o‘rinlari yetarli hamma gap fuqarolarning shaxsiy mas’uliyati va vaziyatni to‘g‘ri tushunib yetishlarida qolmoqda
Bugun viloyat hokimi ishtirokida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, profilaktika chora-tadbirlari hamda pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatishga qaratilgan masalalarga bag‘ishlangan onlayn brifing bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi, bugunga kelib aholining tez tibbiy yordamga murojaatlari sezilarli darajada kamayganini alohida ta’kidladi. Xususan, 103 raqamiga 20-25 iyul kunlari 3500 dan ortiq, shu kunlarda o‘rtacha 2400-2500 ta qo‘ng‘iroq bo‘lmoqda.
Keyingi kunlarda tez yordam brigadalarining moddiy-texnik holati tubdan yaxshilangan. Tez tibbiy yordam mashinalarining soni 280 tadan 363 taga yetkazilib, bu boradagi ehtiyoj 130 foizga bajarilgan. Tez orada yana 10 ta Jizzaxdagi “Folksvagen” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilayotgan maxsus tez yordam mashinasi xarid qilinadi.
Samarqand shahridagi Olimpiya zahiralari tayyorlash markazida 1080 o‘rinli shifoxona foydalanish uchun tayyor bo‘ldi. Shifoxonada koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan va pnevmoniyaga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Eng zarur dori va tibbiy asbob-uskunalar – IVL, kardiomonitor, Bobrov apparati, nebulayzer bilan jihozlandi. Barcha o‘rinlarga konsol o‘rnatilib, bemorlarning kislorod bilan davolanishi ta’minlandi.
Shifoxonada jami 34 nafar vrach, 90 nafar hamshira va 90 nafar kichik tibbiyot xodimi xizmat ko‘rsatadi. Bu yerga olib kelingan bemor rentgentga tushirilib, kardiolog, terapevt va boshqa tor mutaxassis shifokorlar ko‘rigidan o‘tkaziladi. Shu yerning o‘zidagi laboratoriyada koronavirus uchun test hamda bemorning holatiga qarab boshqa tahlillar olinadi. Bemorlarga kislorod uzluksizligini ta’minlash maqsadida zamonaviy kislorod stansiyasi qo‘yiladi.
Bugungi kunda viloyatimizda uch oyga yetadigan dori-darmon vositalari zahirasi yaratilgan. Bundan tashqari, uyda davolanish uchun qoldirilgan bemorlarga 5000 dona dori jamlanmasi tayrlangan.
Shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarni tibbiy konsilium qilish uchun Germaniyadan virusolog olim, professor Bar Varner taklif qilindi. U uch kun davomida viloyatda koronavirusga chalinganlar bilan amalga oshirilayotgan profilaktik va davolash ishlari bilan tanishib, o‘zining zarur maslahatlarini berdi.
Viloyat hokimi, brifing davomida shifokorlar, salomatligimiz posbonlariga murojaat qilib, ularning mehnatlari va xizmatlarini alohida e’tirof etdi.
- Ikki qavatli maxsus kiyim, qo‘lqop, ko‘zoynak va rezina etikda 8-10 soatlab bemorlarga qarashning o‘zi bo‘lmasligini barchamiz yaxshi tushunib turibmiz, - dedi E.Turdimov. - Bugun sizning jonbozligingiz, fidoyiligingiz har qachongidan ko‘ra yuz karra, ming karra zarur bo‘lmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 30 iyuldagi "Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni bilan tez tibbiy yordam brigadalari xodimlari bir martalik rag‘batlantirilmoqda. Umuman olganda, viloyat bo‘yicha 4 ming 667 nafar soha xodimiga 18 milliard 833 million so‘m beriladi.
Viloyat hokimi brifing davomida, shuningdek, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususan, mehnatga layoqatli kishilarni ish bilan ta’minlash masalasiga alohida to‘xtaldi.
Qayd etilganidek, endi 28 043,1 million so‘mdan ko‘proq pensiya, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasi to‘lanadi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini orqali 2 va 14 yoshgacha bola parvarishi uchun nafaqa va moddiy yordam oluvchilar 126 160 nafar o‘rniga 150 758 nafarni tashkil etishi hamda avvalgiga nisbatan 14 570,8 million so‘m ko‘proq mablag‘ aholiga beriladi.
- Pandemiya sharoitida ham ishlashga harakati, xohishi bor insonlarga ish topiladi, - dedi viloyat hokimi. - Fursatdan foydalanib, aholiga ish bilan bog‘liq masalada zarurat bo‘lsa, viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Xashimov Muzaffar Kazimovichga (93) 038-00-19) murojaat qilishlari mumkinligi eslatib o‘tmoqchiman.
Bugungi kunda viloyatda birgina qurilish sohasida 8,5 mingdan ko‘proq vakant ish o‘rni bor. Misol uchun, “Enter Enjinering” (ERILL) kompaniyasida 4100 ta (oylik maoshi 1,5 mln. dan 5 mln. so‘mgacha, 3 mahal issiq ovqat va bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi.
“AGROMIR BUILDING” qurilish korxonasida 1200 ta , “Mironqul GROUP” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 250 ta, “Ulug‘ siymo qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 280 ta, “Binokor qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 160 ta, shuningdek, tekstil va yengil sanoat korxonalarida 3,5 mingdan ko‘proq bo‘sh ish o‘rni mavjud.
Viloyatda bugungi kunda 78 ming gektar maydonda ekilgan takroriy ekinlarni parvarishlash uchun 10 mingdan ziyodroq ishchi kuchiga talab mavjud.
Bundan tashqari, 754 nafar o‘qituvchi-pedagog xodimlar, 648 nafar sog‘liqni saqlash tizimining turli yo‘nalishlarida oliy ma’lumot talab etiladigan bo‘sh ish o‘rinlari bor.
Yil oxirigacha viloyatda 21 800 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Shu bilan bir qatorda joriy yil yakuni bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj “Temir daftar”dagi fuqarolarga shaxsiy tomorqa xo‘jaliklarida yengil konstruksiyali issiqxona, urug‘lik va ko‘chatlar hamda sug‘orish vositalarini xarid qilish uchun 16,5 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari ajratish hisobiga 3351 nafar fuqaroning bandligi ta’minlanadi.
Yoqubjon MARQAYeV.