Shoirlik shukronasi: “Ko‘nglimga qo‘l solib ko‘rmoq osonmas”

Gazeta va jurnalistika mening taqdirim va kelajak hayot yo‘limni belgilab bergan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin bu ta’rif nihoyatda kamdek tuyuladi. Sababi – gazetada ishlash yosh ijodkor uchun, haqiqatan ham, zavqu shavq maskani, hayotni o‘rganish va haqiqiy mahorat maktabi edi.

O‘sha yillar Ernest Xemengueyning “Alvido, qurol!” romani usta mutarjim Ibrohim G‘afurov tarjimasida keng kitobxonlar, jumladan, yoshlar o‘rtasida ham qo‘lma-qo‘l mutolaa qilinardi. Nobel mukofoti sohibi bo‘lmish olamshumul adibning: “Oddiy xabarni eplab yoza bilgan ijodkor, shak-shubhasiz, yirik romanni ham uddalay oladi”, – degan hikmatli so‘zi o‘spirin muxbir sifatida mening yuragimdan joy olgan edi. ToshDUdan keyin hayot dorulfununida ustozlar timsolida – tirik kitoblardan ko‘proq o‘rganib, ibrat olganman, desam ehtimol bugungi o‘quvchi uchun qiziq tuyular.     

Havaskorlik pallalarimda O‘tkir ismli ko‘p insonlarga duch kelganman.

Avvalambor, ToshDUni bitirib, ancha-muncha sarsonliklardan so‘ng Shukur akaning tavsiyasi bilan “Toshkent oqshomi”ga ishga kirganimda – o‘sha paytda “Bahor qaytmaydi” qissasi bilan dovrug‘ qozonib, shov-shuvlarga sabab bo‘lgan taniqli adib O‘tkir Hoshimovni ko‘rgan paytim boshdan kechirgan hayajonlarim hamon esimda. Gazetaning “Axborot” bo‘limi mudiri, “axborot qiroli” laqabi bilan mashhur Abdulla aka Po‘latov O‘tkir akaga meni tanishtirar ekan, u kishining: “E-e, Shukurjon aytgan shoir yigit siz bo‘lasizmi?” deya lutf bilan xayrixohlik bildirganidan rosa xursand bo‘lganman. Mashhurligi bois uncha-muncha odam yurak yutib yaqinlasha olmaydigan katta yozuvchidan bunday iliq gapni eshitish hali ilk kitobi chiqmagan havaskor o‘smir uchun naqadar kutilmagan baxt va e’tirof edi. 

O‘tkirlardan yana biri – tahririyat yo‘lagidan tovush chiqarmay, muloyimgina kirib keladigan, el orasida mashhur qo‘shiqnavis shoir O‘tkir aka, O‘tkir Rashid ediki, biz u kishining bir-ikkita yangi taronasini “oqshom”ning shanba sahifasidagi “Keksa ko‘ngil mavjlari” rukni ostida bir necha marta chop etganmiz...

Qancha suvlar oqib o‘tdi. Necha-necha soxta ta’limotlar-u, mustabid tuzumlar zavolga yuz tutdi.

Ne baxtki, ona O‘zbekistonimiz istiqlolga erishdi.

Biroq istiqlolga erishishning o‘zigina bo‘lmas ekan.

Mana bugun anglamoqdamizki, Vatan o‘z-o‘zidan Vatan bo‘lib dunyoga dovrug‘ taratmog‘i uchun o‘zining mard va matonatli Yo‘lboshchisiga ega bo‘lmog‘i kerak ekan. Rahmatli onam aytar edilar: “Kemaga ega kerak, Ega bo‘lmasa, nega kerak?!”

Zukko o‘quvchi ilg‘agan bo‘lsa kerakki, gurungimiz maromi bugunga kunga ko‘chayotir.

Badiiy so‘z, ijod yoki ijordkorga ta’rif berilganda “Qalami o‘tkir”, “So‘zi o‘tkir” degan iboralar tilga olinadi. Gapni ko‘p uzoqdan boshlaganimizning boisi – shuncha yillar davomida o‘z qiyofasi va ovoziga, ijtimoiy vazifasiga ham sodiq qolib, beminnat va iddaosiz ijod qilib kelayotgan shoir akamiz O‘tkir Rahmatning so‘zi o‘tkir, qalami o‘tkir ekanini e’tirof etmoqdir. Barcha mavqe’ va maqomlarda ham o‘zining kamtarin va samimiy xislatlarini birdek saqlab kelayotgan inson haqida uning yozganlaridan orttirib gapirish qiyin.

 Ko‘nglimga qo‘l solib ko‘rmoq osonmas,

Uning olovi bor, keskir tig‘i bor.

Aldovu yolg‘onga hech qachon ko‘nmas,

Mehrga tashnadir, muhabbatga zor.

O‘z vijdoniga quloq solib, qalb amri bilan yashamoq bu dunyoda oson emas. Yuqorida keltirilgan satrlarda ijodkorning mas’uliyati va e’tiqodi yaqqol ko‘rinib turibdi. O‘tkir aka ustozlarining hurmat va ehtiromini hamisha baland tutib kelgan.

Ustozimiz Abdulla aka, Abdulla Oripov O‘tkir Rahmatni o‘z tug‘ishganidek yaxshi ko‘rar va izzatini joyiga qo‘yar edi. Soxta mulozamat qilmasdan, kerak paytda telefonda “O‘tkir Rahmatovi-i-i-ch!..” deya unli tovushlarni mehr tovushlariga aylantirib, suhbatga chorlar, yoki biror yumushi bo‘lsa, iloji boricha, beozorgina iltimos qilar edi.

Abdulla aka bir samimiy suhbatdoshga zor bo‘lgan kunlarga birgalikda guvoh bo‘lganmiz. O‘shanday mushkul lahzalarda “Bir og‘iz shirin so‘z nondek arzanda” (G‘afur G‘ulom iborasi) deyilganidek, katta ustozimiz dili xufton bo‘lib, bir hamdard izlab qolar, chorasiz iztiroblarini qog‘ozga to‘kar, bu usul ham yupatmasa, o‘ziga yaqin kishilarga qo‘ng‘iroq qila boshlardi. O‘sha holatlarda Abdulla aka bilan ko‘p va beminnat muloqot qilgan, Yozuvchilar uyushmasiga, Do‘rmonga borib xabar olib turgan uka-shogirdlaridan biri O‘tkir Rahmat bo‘lgan.

Donishmand ustozning o‘zi jo‘yali e’tirof etganday: “Qitmir yo‘ldoshlarimning fe’lidan rosa to‘yib, Ukam qatorilardan samimiyatni topdim”.   

“Qishloq hayoti”mi yoki uning ilovasi “Hayot” xaftaligimi, “Xalq so‘zi” gazetasimi – O‘tkir aka muharrirlik qilgan nashrlarda ustozimizning teleekranlarda ma’lum va noma’lum sabablarga ko‘ra berilmagan, boshqa ommaviy axborot vositalarida ham bir bahonai sabab bilan bosilmayotgan  she’rlari yoki maqolalari iloji boricha xayrixohlik bilan e’lon qilinardi. Bu mehrdan ustoz astoydil quvnab ketar, yoshlik yillari: “Bugun she’ri chiqqan shoirday dunyo Jilmayib qo‘yadi barchaga masrur”, – deya o‘zi lutf qilgan yanglig‘ yosh boladek xursand bo‘lardi.  

O‘tkir akaning matbuotda e’lon qilingan, zaminu zamonning ogohlik bongi yanglig‘ yarangragan “Mangu ovoz” nomli yangi dostonida, jumladan ustozlar ovozi ham nazarda tutilganki, bu o‘lmas sadolar odam bolalarini yaxshilik va to‘g‘rilikka chorlab turaveradi:

Demakki, haq ovoz dildagi bayot,

Uning bilan uyg‘un hattoki taqdir.

Dunyoda ovozni baxtdir tanimoq,

Dunyoda ovozga aylanmoq baxtdir.

Abdulla aka, shogirdi O‘tkir aka ham bir-biriga hamroz-xayrixoh bo‘lganidek, o‘z ukalarini ham har doim g‘amxo‘rlik bilan qo‘llab-quvvatlar, bu e’tibor ko‘proq amalda namoyon bo‘lardi. O‘zimdan misol keltiradigan bo‘lsam, “Mening shoirligim” nomli masnaviy yo‘lida bitilgan manzumani ustoz Abdulla Oripovga o‘qitganimda, u kishiga ma’qul bo‘ldi-da, ayni shu gurung asnosida ustozning kabinetiga O‘tkir aka xuddi kelishilganday kirib keldi. Abdulla aka: “O‘tkir Rahmatovi-i-i-ch, sizga yaxshi she’r kerakmi, mana shuni gazetangizga bersangiz, qarsillab ketadi”, – deya masalani hal qilib qo‘yaqoldi. Manzuma “Hayot” xaftaligining ertangi sonida birinchi betida chiroyli dizayn bilan chop etildi. Bundan ham eng qizig‘i, manzumaning bosilgani haqidagi xushxabarni birinchi bo‘lib, Abdulla akaning o‘zi bir dunyo zavqu shavq bilan menga yetkazdi.  

O‘tkir akaning “Xalq so‘zi” gazetasidagi bosh muharrirlik faoliyatini uning insoniylik xislatlari, shoirlik burchi, davr va zamon oldidagi mas’uliyatisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ijtimoiy vazifani kam-ko‘stsiz ado etish, javobgarlikni anglash, uyqusiz kechalar, shoirlik iztiroblari bilan bir qatorda shogirdlar baxtu kamoli oldidagi saxovatpeshalik ham tiriklik hayoti bilan uyg‘unlashib ketganini alohida ta’kidlash o‘rinli. Otashnafas shoirimiz Abduvali Qutbiddin O‘tkir Rahmatning akalarcha mehri va e’tiboridan bahramand bo‘lgani, o‘z navbavtida Abduvali ham gazeta va o‘ziga bildirilgan ishonch uchun bir iste’dodli ijodkor singari fidoyilik bilan zahmat chekkanini yaxshi bilamiz. Ming afsuski, betakror shoir, sadoqatli do‘stimiz Abduvali Qutbiddin ayni kamolot chog‘ida bu dunyoni bevaqt tark etdi. Ollohning irodasi bilan ro‘y bergan kutilmagan musibatdan O‘tkir aka tug‘ishgan birodariday ko‘p iztirob chekdi. O‘sha kunlar ko‘rishganimizda: “Gazetamiz ham huvillab qoldi!” deya ko‘zda yosh bilan o‘kingani hamon esimizda. Shoir ukasiga bag‘ishlangan she’rda shunday satrlarni o‘qiymiz:

Yomg‘ir, yog‘avergin, yengil tortay men,

Ko‘ksimga qo‘ngan dard yuvilib ketsin.

Yig‘layotgan ko‘kmas – ko‘z yoshlarim sen,

Maysa quchib yotgan do‘stimga yetsin.

Hali ham chidam bor, toqat yelkadosh,

Ichimni qaqshatgan qor hamon muzlar.

Unga bugun tog‘lar, chinor suhbatdosh,

Balki tong-shom qadar tugamas so‘zlar...   

Yana bir iqtibos keltiradigan bo‘lsam, behalovat va zahmatkash ijodkor, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Rustam Musurmonning “Bir juft so‘z” kitobiga sidqidildan matbuotda iliq munosabat bildirgan, uning  Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilgan “Eng yaxshi she’riy tarjima” xalqaro tanlovida g‘olib chiqib, Shandor Petyofi nomidagi mukofotga sazovor bo‘lganini birinchilardan bo‘lib qutlagan ham O‘tkir aka bo‘ladi.      

Bu holat arzimasday tuyulishi mumkin, lekin shogirdlarga e’tibor va sofdillik hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Holbuki, birov arpasini xom o‘rganday ho‘qqayib yurguvchi do‘stu yorondan ko‘ra, bir insoniy e’tibor, “bir og‘iz shirin so‘z” bu o‘rinda g‘oyatda muhim.

Bug‘doy pishig‘i pallasida g‘alla hosilining cho‘g‘i bilinganday so‘z mehnatkashi O‘tkir akaning yillar davomida ko‘targan xirmoni ham anchayin barakali.  Kitoblarining hammasini bir boshdan sanaydigan bo‘lsak, sahifalarga sig‘may ketadi. Bug‘doy pishig‘iday so‘z va she’rning ham doni bor, somonlari bor. Kitobxonlar hosil yig‘ib olingandan keyin ham so‘z ekinzoridan bo‘liq boshoqlarday qadrli satrlarni terib yuradi. Shu boisdan  “Sog‘inch”, “Shukrona”, “Ey, umri aziz”,  “Oy to‘lgan oqshom” nomli o‘ndan ortiq she’riy to‘plamlari o‘quvchilar e’tiborini qozongan.

Shoirning yangi kitobiga kiritilgan “Tamaddun daryosi”, “Birdamlik qo‘shig‘i”, “Orol sog‘inchi”, “Ishonch” singari ballada va dostonlari xuddi “Mangu ovoz” kabi bugungi eng dolzarb va umumbashariy mavzular –  najot chinqirig‘iday inson bolalarini buyuk xavf-xatardan ogohlantiradi, ezgulikka, jaholatga qarshi ilmu ma’rifat bilan kurashga da’vat etadi.

“Mangu ovoz” kitobini o‘qirkanmiz, ismi jismiga munosib, dili bilan tili bir muallifning qamrovni keng va muhtasham olganining guvohi bo‘lamiz. Kitobdagi she’rlarni tushuntirish shart emas – bu she’rlar va dostonlarni o‘qish kerak, uqish kerak va anglamoq kerak. Vatan qanday anglansa, so‘z ham shunday anglanadi. Inson qanday tushunilsa, she’r ham shunday tushuniladi. Umrning ham, xirmonning ham barakasini bersin.

Modomiki, gap shukronalik haqida ekan, so‘zimizni aziz ustozimiz Abdulla Oripovning go‘zal she’rlaridan biri “Shukronalik” bilan yakunlamoqni lozim topdik. Muborak Iyd-arafa kunlarida ustozning ham ruhi shod bo‘lgay, inshoolloh!..

Shukrona ayt avval parcha non uchun,

So‘ng qultum suv uchun shukrona takror.

Chunki bu dunyoda, yashirmoq nechun,

Senga shularni ham ko‘p ko‘rganlar bor.

Buyuklar baxtiga havas qil, ammo

Insonliging uchun shukr aytgil zinhor.

Chunki bu olamda sen uchun hatto

Oddiy odamlikni ko‘p ko‘rganlar bor. 

Sirojiddin Sayyid,

O‘zbekiston xalq shoiri.

***

“Hurriyat” gazetasining 2024 yil 20 iyun kungi sonidan olindi.