«Shuhrat»ning asosi mehnatda

Qiziq paradoks: faoliyatim davomida yuz yoshga to‘lganlarning, 90 yoshdan oshganlarning ko‘pchiligi bilan suhbatlashganman, ularning hammasida bitta umumiylik bor. U ham bo‘lsa mehnat, tinimsiz harakat.

Eng qizig‘i, ularning yaqinlari ham «Onangizni 100 yoshga kirish siri nimada deb o‘ylaysiz?» degan savolimizga birinchi navbatda “Onam juda mehnatkash ayol, esimni bilganimdan beri onamni mehnatda ko‘rganman”, deb javob berishadi. 

Yaqinda Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan ishtixonlik Buvsara Saidova farzandlari bilan suhbatlashganimda ular ham xuddi shu fikrni bildirishdi. 

Yetti nafar farzandning onasi, 80 ga yaqin nevara, chevara, 70 ga yaqin evara va hatto bir nafar pannevara momosi Buvsara ona asli Kattaqo‘rg‘onning Moybulog‘idan. Ishtixonga kelin bo‘lib tushgach, turmush o‘rtog‘i Avazxon Saidov bilan hayotning goh murakkab, goh xotirjam va baxtli davrlarini ko‘rdi. Urush yillaridagi qiyinchiliklarni mehnat bilan o‘tkazdi. Ammo nolimadi, o‘zini ayamay ishladi. Bog‘dorchilikda peshqadam bo‘lishdi, pilla topshirish rejasini necha o‘n yillar davomida hammadan yuqori darajada uddaladi. 

Bayram arafasida onaxonga davlatimizning yuksak mukofoti viloyat hokimining o‘rinbosari Zebiniso Rahmonova hamda Ishtixon tumani hokimligi mas’ullari guruh jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali tarzda topshirildi. 

- Bu kunlarning har bir lahzasi aziz, qadrli, - deydi onaxon o‘z minnatdorchiligini izhor etarkan. – Tinch, hamma sharoitlari yaratilgan zamonda non topish uchun harakat bu eng katta baxt. Mehnat qilgan odam farovon yashaydi. Lekin qiyin zamonlar, dalada besh daqiqa dam ololmay ishlashning zahmati osonmas. Shu kunlarni boshimizdan o‘tkazdik, lekin o‘shandayam noligan emasmiz. Nolishdan ortiqroq baxtsizlik yo‘q, aslida. 

Bog‘ixon mahallasida doim namunali oila sifatida el hurmatida bo‘lgan ushbu oila bugun ham odamlarning e’tibori va e’zozida. Buning zamirida ham halol mehnat, fidoyilik bo‘lsa ajabmas.

G.Mo‘minova.