Si Szinpin Moskvaga boradi, G‘arb Ukrainaga yangi yordam ajratadi

Xitoy rahbari Si Szinpin Vladimir Putin taklifiga binoan 20-22 mart kunlari Rossiyaga tashrif buyuradi.

Rasmiy Kremlning bildirishicha, Si Szinpin Moskvada Rossiya prezidenti bilan bir qator muhim ikki tomonlama hujjatlarni imzolaydi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Van Venbin bu safarni “tinchlik tashrifi” deb atagan hamda Pekin va Moskva hech qanday uchinchi tomonga qaratilmaydigan hamkorlikni mustahkamlash niyatida ekanini ta’kidlagan.

"Ukraina inqiroziga kelsak, Xitoy bu borada ob’yektiv pozitsiyani egallaydi, biz tinchlik muzokaralarini ilgari surish uchun konstruktiv rol o‘ynaymiz", - dedi Van.

Avvalroq The Wall Street Journal nashri Xitoy rahbari Rossiyaga tashrifidan so‘ng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan onlayn uchrashuv o‘tkazish niyatida ekanligini xabar qilgan edi. Tomonlarning hech biri bu ma’lumotga izoh bermadi. Shu bilan birga, G‘arb davlatlari, birinchi navbatda, AQSh ikki davlat rahbarlari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.

Avvalroq Rossiya qo‘shinlarini olib chiqib ketish talablari bo‘lmasa-da, lekin o‘t ochishni to‘xtatish va bir tomonlama sanksiyalarni bekor qilishni o‘z ichiga olgan Ukraina bo‘yicha Xitoy tinchlik rejasini taqdim etgan edi.

G‘arbning Ukrainaga yordami

Yevropa Ittifoqi keyingi hafta Ukrainaga 18 milliard yevrolik yordam paketidan 1,5 milliard yevro miqdoridagi makromoliyaviy yordamning ikkinchi transhini ko‘chirmoqchi.

Yevropa Ittifoqi davlatlari dekabr oyida Kiyevga 18 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratishni ma’qullagan, va yanvarda Ukraina 3 milliard yevro miqdoridagi birinchi transhni olgan edi. Bryusselning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Ukrainani qancha zarur bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

Bundan tashqari, Oq uy Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini tayyorlashni davom ettirayotganini aytdi. Buni yaqin kunlarda e’lon qilinadi.