Sinfimiz qanday a’lochi bo‘lgan?
Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, bir o‘qituvchi sinfdagi o‘quvchilarning hammasini a’lochi qilib o‘qitishi mumkinmi? Mantiqan o‘ylaganda mumkin, lekin amalda juda qiyin, agarda iqtidorli o‘quvchilar tanlab olinmagan bo‘lsa. Men esa hayotda buning isbotini ko‘rganman. O‘quvchisini bilimga qiziqtirish, uning iqtidorini yuzaga chiqarish o‘qituvchining mahorati, tajribasi bilan birga ta’limga o‘zgacha yondashuviga ham bog‘liq ekan.
1987 yilda Payariq tumanidagi 30-o‘rta maktab (hozirgi 84-maktab)ga ilk bor qadam qo‘yganmiz. Birinchi o‘qituvchimiz Sabohat opa Xudoyberdiyeva biz, 33 nafar bolaga harf o‘rgatishda o‘yin usullaridan, oddiy hayotiy misollardan foydalanardi. O‘sha paytlarda xonadonlarda videomagnitofon yo‘q, kolxoz klubida qo‘yiladigan kinolarga borishga yoshlik qilamiz, televizorda har zamonda beriladigan “Nu pogodi”ni ko‘ramiz, xolos. O‘qituvchimiz bilimli, yaxshi o‘qigan o‘quvchilarni haftada, oyda bir marta uyiga olib borib “Alibobo va qirq qaroqchi”, “Olovuddinning sehrli chirog‘i” va boshqa rasmli kinolarni qo‘yib berardi. Garchi ovozsiz bo‘lsa-da, ketma-ket rasmlardan iborat kinoni ko‘rish uchun sinfdagi barcha o‘quvchilar yaxshi o‘qishga harakat qilardi. O‘sha paytda transport kam bo‘lsa-da, uzoqdagi muzeylarga olib borardi, ko‘pincha dalalarga chiqib, tabiat qo‘ynida dars o‘tardi. “A’lochi o‘quvchi”, “a’lochi parta”, “a’lochi qator”larga beriladigan yulduzcha, raketa maketlari ham o‘qishga bo‘lgan qiziqishimizni oshirgan. Matematikaning qiyin misollarini oddiy usullarda yechishni, matnni tez va ifodali o‘qish qoidalarini, rasm, tabiat, mehnat, o‘qish fanlarini yaxshi o‘zlashtirish uchun tasavvur qilishni o‘rgatardi. O‘quv yilini a’loga bitirganlarni qo‘shimcha rag‘batlantirib, sovg‘alar berardi.
O‘quvchining bilim poydevori mustahkam bo‘lsa, keyinchalik ilm olishida ham qo‘l kelarkan. Birinchi o‘qituvchimizdan olgan to‘rt yillik sabog‘imiz maktabni bitirgunimizcha asqotdi. Yuqori sinfga o‘tganimizda ham o‘qituvchilar «A» sinfni men olaman”, deb talashishardi.
O‘qituvchimizning mehnatlari, qalbimizda ilmga qiziqish uyg‘ota olgani tufayli qishloq maktabini bitirgan sinfdoshlarimning aksariyati turli oliygohlarga o‘qishga kirdi. Bir o‘qituvchining mahorati bilan sinfdagi 33 nafar o‘quvchi a’lo bahoga o‘qidik. Faqat biz emas, o‘qituvchimizning bizdan oldingi va keyingi o‘quvchilari ham shunday a’lochi bo‘lishgan. Maktabni bitirganimizga 20 yildan oshdi, lekin o‘sha paytda o‘rganganlarim hamon yodimda.
Hozir birinchi o‘qituvchimiz pensiyada, farzandu nabiralar ardog‘ida bo‘lsa-da, maslahat so‘rab kelgan yosh o‘qituvchilardan yordamini ayamaydi, tajribalarini o‘rgatadi. Hayotda nimagaki erishgan bo‘lsak, ustozlarimizning mashaqqatli mehnati samarasidir. Bizga hayotda asqotadigan nimaiki o‘rgatgan barcha ustozlarimizni kasb bayramlari bilan chin qalbimdan tabriklayman!
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.