Sinovli kunlar saboq bo‘lmoqda

Pandemiya barchamiz uchun murakkab va chigal davr sifatida hayotimizga kirib keldi. Kutilmagan sinovli kunlar umumta’lim maktablari, o‘rta maxsus va oliy tizim dargohlari o‘quvchi talabalar hamda o‘qituvchilari tegishli mutasaddilarning bilimi, iqtidori, sabr-bardoshini chig‘iriqdan o‘tkazmoqda.
– Karantin boshlangunga qadar qadrdonlar bilan quchoq ochib, bag‘rimizga bosib ko‘rishardik, - deydi Samarqand tumanidagi 1-umumta’lim maktabi direktori Dildora Shukurova. - Koronavirusning o‘ta xavfli ekanligini bilgan, dildan his qilganlar masofa saqlab salomlashmoqda. Nazarimda, karantin ko‘pchilikning ko‘zini ochdi, mudroq qalblarni sergaklantirdi.
Men rahbarlik qilayotgan maktabda 763 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu yil 60 nafar yigit-qiz mustaqil hayotga uchirma qilindi. Ularning 88,3 foizi oliy o‘quv dargohlariga hujjat topshirishgan. Muhimi, o‘quvchilarimiz masofadan turib ta’lim olish sir-asrorlarini o‘rganishda ko‘nikma hosil qilishmoqda. Ularning kelajakdagi istiqboliga ishonaman.
– O‘ta sharafli va murakkab o‘qituvchilik kasbida 28 yildan beri ishlab kelyapman. Prezidentimiz maktab o‘qituvchisining obro‘-e’tiborini ko‘klarga ko‘tarmoqda. Biz bunday yuksak e’tiborga loyiqmizmi, deya o‘ylab qolaman. Aslida bunday sharafga munosib bo‘lishimiz ham burch, ham masuliyatdir, - deydi Samarqand shahridagi 16-umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Matluba Nabiyeva. – Ko‘p yillik faoliyatim davomida tushga kirmagan sinovlarga ro‘baro‘ keldim. Sinfimda 27 nafar bola 1-sinfni bitirdi. Qariyb uch oy bolalarim masofadan turib o‘qidi. Ularga va ota-onalarga, albatta, oson bo‘lgani yo‘q. Ko‘zim bolajonlarning ko‘ziga tushib, ularning qarshisida qalb haroratini his etib dars o‘tishga nima yetsin!.. Ammo, masofadan turib ular bilan internet orqali mutassil aloqada bo‘ldim. Telekanallarda berilgan onlayn darslar orqali o‘quvchilarni baholashga to‘g‘ri keldi. To‘g‘risini aytaman, bu jarayondan uncha ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Men ularni sog‘inaman. Chunki har bir o‘quvchim men uchun farzandimdek qadrli. Ularning ko‘pchiligi iste’dodli. Birining husnixati chiroyli, ikkinchisining talaffuzi tiniq, ovozi yoqimli, birovi darsga e’tiborli, ko‘pchiligi fanlarga o‘ta qiziquvchan, kashfiyotga intiluvchan qorako‘zlardir..
Yangi o‘quv yilini o‘zim ham intilik bilan kutayapman. Chunki, o‘quvchilarimni sog‘inganman. Demoqchi bo‘lganim, masofadan ta’lim berish, boshlang‘ich sinflar uchun emas. Ular masofaviy onlayn ta’limni o‘rganishgani bezarar. Ammo o‘quvchilar individual dars mashg‘ulotlari o‘tishi kerak.
– Men faoliyat ko‘rsatayotgan qadrli dargohim viloyatdagi eng ko‘hna maktablardan sanaladi. Bu dargohda Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir davrlarda ham bobo-momolarimiz qunt bilan o‘qishgan, bilim olib, kasb o‘rganishgan, - deydi Urgut tumanidagi 87-maktab rus tili o‘qituvchisi O‘tkirjon Xudoynazarov. - Qulqishloq mahallasidagi maktabdan juda ko‘plab ijod ahli, jurnalistlar, xalqimizning ilg‘or ziyolilari yetishib chiqqan. Shu davr bilan taqqoslaganda bugun pandemiya sinovlarida ta’lim-tarbiyani susaytirmaslik kerak. Tahsil soatlariga “Uyda qoling”, “Tozalikga rioya qiling”, “Har soatda yuz-qo‘lingizni tozalab yuving”, “Masofa saqlang” – degan da’vatlar kiritilgani ayni muddao. Bularga barcha davrlarda rioya qilish, hayotiy taomilga kiritish insoniyat uchun foydali. Sinovli kunlar barchamizga saboq bo‘lmoqda. Uni mardona yengib, tinch, osoyishta maktab quchog‘ida dars o‘tishimizga ishonaman!
O‘zingizni asrang aziz hamyurtlar…
Dilmurod Do‘stmurodov yozib oldi.