Sinovli kunlar sabrga chorlaydi

Bugungi insoniyat sinovli kunlarni boshidan o‘tkazmoqda. Gavjum shaharlar kimsasiz, oldingi jo‘shqin hayot tamomila tin olgan. Odamlar bu kunlar tezroq o‘tib ketishiga umid bog‘lagancha uylarida. Barchaning qalbi va tilida bitta iltijo – ilohim, kasallikni boshimizdan arit, barchamizni hifzu himoyangda saqla!
Kasallikka qarshi kurashish, keng tarqalib ketishining oldini olish maqsadida davlatimiz tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, qat’iy karantin qoidalari joriy qilingan. Aholidan imkon qadar ko‘chaga chiqmaslik, ayniqsa, yoshi ulug‘ kishilarni avaylash so‘ralmoqda.
Ushbu sinovni tabiiyki, kishilar turlicha qabul qilmoqda. Kimdir uning jiddiyligini his qilgan holda, karatinga rioya qilib, go‘zal sabr bilan uyida o‘tiribdi. Bunday kishilar avvalo, Alloh ta’oloning “Allohga itoat etingiz, Payg‘ambarga va o‘zlaringizdan (bo‘lmish) boshliqlarga itoat etingiz” (Niso, 59) degan buyrug‘iga itoat qilgan bo‘ladilar. Yana Payg‘abarimiz alayhissalomdan rivoyat qilingan “Zarar berish ham va zarar ko‘rish ham yo‘q” (Imom Moja, Imom Doraqutniy rivoyatlari) hadisiga ergashish orqali kasallikning tarqalishiga sababchi bo‘lib qolmaydilar va o‘zlari hamda oila a’zolarini asragan bo‘ladilar. Bu ishlarining zamirida ikki dunyolari uchun asqotadigan manfaatlar yotibdi.
Yana kimlarningdir beparvo ko‘cha kezayotgani, ularga nisbatan qo‘llanilayotgan choralar haqida ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo‘lyapmiz, o‘zimiz ko‘ryapmiz, eshityapmiz. Vaholanki, hadisi sharifda “Agar sizlar u (kasallik) biror yerda tarqaganini eshitsangiz u yerga bormang. Agar siz yashayotgan yerda (u kasallik) tarqagan bo‘lsa u yerdan chiqmang” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan) deyilgan. Bu islom ta’limoti, karantin iborasining islomiy ifodasidir. Shu yo‘l orqali kasallik jilovlanishini tarix bizga bot-bot eslatib turibdi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan boshqa bir hadis ham: “Qay bir kishiga to‘un (pandemiya) yetsa va u uyida sabr bilan va savob umidida o‘tirsa hamda o‘ziga Alloh yozganidan boshqa narsa yetmasligini bilsa, illo unga shahidning ajrichalik savob bo‘ladi”, deyish orqali karantinning muhimligini ta’kidlamoqda. Bu hadis xoh kasallik yetgan bo‘lsin, xoh yetmasin, sabr qilgan, savob umid etgan va tavakkul qilgan hamma kishilarga taalluqlidir.
Ba’zilar esa bu kunlarda qo‘rquv, tushkunlik va tahlika iskanjasida qolgan. Musibat oldida o‘zini tutolmaslik zaiflik belgisi. Bu kabi holatlarda musulmon kishi vahimaga tushmasligi kerak. Zero, hikmatlarda “Aqlli inson boshiga tushgan baloni aritish harakatida bo‘ladi. Ahmoq esa bitta baloni ikkita qilib oladi”, deyilgan. Bu borada Abu Ali ibn Sino juda go‘zal tavsiya bergan “Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir. Xotirjamlik yarim sog‘likdir. Sabr esa shifoning boshlanishidir”.
Avvalo shuni ta’kidlash lozimki, hozirgi vaziyatda ehtiyotkor yo‘l tutish bilan birga, vahimaga berilishdan saqlanish kerak. Chunki bu Allohning bir sinovi bo‘lib, uning albatta shifosini ham bizga yetkazadi. Imom Buxoriy bobomiz "Al-Jome as-sahih" hadislar to‘plamida rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam "Alloh qaysi bir dardni tushurgan bo‘lsa, uning davosini ham tushurgandir", deganlar.
Sinovli kunlar barchamizni sabrli bo‘lishga, uyda o‘zimizni ihotalagan holda, kasallikning keng tarqalib ketishiga sababchi bo‘lib qolmaslikka chorlaydi.
Biz bugun karantin qoidalariga rioya qilmayotganlarga ijtimoiy tarmoqlarda har kuni takrorlanayotgan ushbu iborani yana bir bor eslatib qo‘ymoqchimiz: “Kasallik yuqtirganlarning soni kamayishini istasangiz, ular orasida siz, oilangiz va yaqinlaringiz bo‘lishini xohlamasangiz, uyda qoling! Unutmang: virusni biz tarqatmasak, u o‘z-o‘zicha tarqay olmaydi”.
Zayniddin EShONQULOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi.