Sirdaryo viloyati hokimi aholini yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va sarosimaga tushmaslikka chaqirdi
2021 yil 14 yanvar kuni yarim tunda ijtimoiy tarmoqlar orqali Tojikiston Respublikasi hududida joylashgan "Qayroqqum" suv omborining yorilishi oqibatida suv toshqini sodir bo‘lganligi to‘g‘risida yolg‘on xabarlar tarqaldi.
Bu xabar toshqindan zarar ko‘rgan Sardoba, Mirzaobod, Oqoltin kabi tumanlarda jiddiy vahima uyg‘otgan. Ayrimlar o‘z yashash hududini tark etishga oshiqqani holatlar ham bo‘ldi.
Bundan xabar topgan viloyat hokimi G‘.Mirzayev tumanlarga yetib bordi, deyiladi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati xabarida.
G‘ofurjon Mirzayev bu kabi xabar tarqalishiga xech qanday asoslar mavjud emasligini bildirdi. Aholini yolg‘on mish-mishlarga ishonmaslikka va sarosimaga tushmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, Tojikistondagi favqulodda vaziyatlarga mas’ul idoradan olingan aniq ma’lumotlarga ko‘ra, "Qayroqqum" suv ombori buzilmagan va normal holatda ishlamoqda, deb xabar berdi FVV matbuot xizmati.