SIUT “Science and Innovation Awards – 2025”da eng innovatsion oliy ta’lim muassasasi deb e’tirof etildi
2025 yil yakuni Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT) uchun muhim va ramziy yutuq bilan tarixga muhrlandi.
Mamlakatimiz ilm-fan hayotidagi eng nufuzli tanlovlardan biri — Science and Innovation Awards – 2025 doirasida SIUT oliy ta’lim va ilmiy faoliyat sohasidagi izchil ishlari, innovatsion yondashuvlari hamda ilmga tayangan strategik rivojlanish yo‘li uchun yuksak e’tirofga sazovor bo‘lib, «Eng innovatsion oliy ta’lim muassasasi» nominatsiyasida oliy mukofot bilan taqdirlandi.
Joriy yilning 20-dekabr sanasida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan tantanali mukofotlash marosimida fan, ta’lim va innovatsiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan yetakchi mutaxassislar, akademik doira vakillari hamda oliy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.
Science & Innovation xalqaro ilmiy jurnali tashabbusi bilan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan mazkur nufuzli tadbir yil davomida ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olimlar, ilmiy markazlar va oliy ta’lim muassasalarini e’tirof etishga qaratilgan.
Ta’kidlash joizki, Samarqand xalqaro texnologiya universiteti ushbu tanlovda ketma-ket ikki yildan beri ishtirok etib kelmoqda. Bu yil mazkur ishtirok muhim va mazmunli natija bilan yakunlandi. SIUT uchun bu e’tirof — universitet faoliyatida olib borilayotgan izchil islohotlar, aniq belgilab olingan rivojlanish strategiyasi hamda butun jamoaning tizimli mehnati samarasidir.