Siz hali yashashingiz kerak!

Avtotransport harakatlanish vositasi, insonning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishda beminnat ko‘makchi. Ammo undan to‘g‘ri foydalanib, harakat xavfsizligiga qat’iy rioya qilsangizgina sizga foydali xizmat qiladi.

Afsuski, keyingi paytlarda yo‘l transport hodisalari ko‘payayotgani kishini tashvishlantiradi. Buning sababi, avvalo, ko‘cha va yo‘llarni talabga javob bermasligi, qatnovning esa keskin oshib boryotgani bo‘lsa, boshqa tomondan, ko‘pchilik haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmasligi: tezlikni me’yordan oshirish, mast holda mashinani boshqarishi, texnik nosoz mashinada yo‘lga chiqishi, haydovchilik guvohnomasiz rulga o‘tirishi, boshqaruvni yo‘qotishi va hokazolardir. Biroq, baribir bosh sabab, inson omilidir.

Yo‘l-transport hodisalari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, agar tom ma’nodagi haydovchilik madaniyati shakllanmas ekan, hech qanday qonun-qoida, nazorat, jarima, chora-tadbir kutilgan natijani bermaydi. Demak, harakat ishtirokchisiga aylangan haydovchi, piyoda yo‘lovchi nafaqat o‘zi, balki boshqalar hayoti xavfsizligiga ham javobgar ekanligini bilishi kerak. Aks holda yo‘l harakati bilan bog‘liq fojialar to‘xtamaydi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning o‘tgan davrida respublikamizda avtohalokatlar oqibatida 700 kishi halok bo‘lgan, 1200 dan ziyod kishi bir umr majruh bo‘lib qolgan. Koronavirusdan 200 dan ziyod yurtdoshimiz vafot etgani hammamizni chuqur qayg‘uga solgan paytda, avtohalokatda shuncha odamni hayotdan ko‘z yumishi naqadar dahshatli.

Shunday davrda yashayapmizki, yo‘l harakati xavfsizligi kundalik hayotimizda muhim vazifaga aylanmoqda. Ammo uni targ‘ib qilish, farzandlarimiz ongiga chuqur singdirish ko‘ngildagidek emas. Yo‘l harakati qoidalari hamma oilada ham o‘rganilmaydi. Bog‘cha va maktablarda o‘rganish muhim fanlar qatoriga kiritilgani yo‘q. Harakat xavfsizligi esa uni har kuni o‘rganishimiz, har kuni amal qilishimizni taqozo etmoqda.

Tog‘aymurod Shomurodov.