Siz qaysi masofaviy ta’lim tizimini tanladingiz?

Butun dunyo bugun sinovli kunlarni boshidan kechirmoqda. Jumladan, bu xalqimizni ham chetlab o‘tgani yo‘q. Karantin sabab bugun barchamiz uyda ishlayapmiz, masofadan turib ta’lim olyapmiz. Yurtboshimiz aytganidek, uyda qolish degani bu faqatgina uyda o‘tirib vaqtni behuda o‘tkazish emas, balki yangi bilimlarni o‘rganishga imkoniyat, degani ham. Bu so‘zlar barchamizni uyda o‘tirib ham ta’lim olish mas’uliyatini yuklaydi.

Masofaviy ta’lim olishda XON akademiyasi (www.khanacademy.org) alohida o‘rni bor. Xon akademiyasi o‘quv mashg‘ulotlarida va undan tashqarida o‘quvchilarga mustaqil ravishda o‘qish imkoniyatini beradigan amaliy mashg‘ulotlar, o‘quv videolar va shaxsiy o‘quv asboblar panelini taklif etadi. Bu saytda o‘quvchilar asosan matematika, fizika, kompyuter dasturlari, tarix, san’at tarixi, iqtisod va boshqa sohalar bilan shug‘ullanishlari mumkin. U yerda beriladigan matematik vazifalar bolalar bog‘chasidan boshlab o‘quvchilarni hisoblashga, zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga yo‘naltiradi. Shuningdek, Xon akademiyasi ixtisoslashtirilgan tarkibni taklif qilish uchun NASA, zamonaviy san’at muzeyi, Kaliforniya fanlar akademiyasi va MIT kabi muassasalar bilan hamkorlik qiladi. Men bu saytdan ro‘yxatdan o‘tib juda ko‘p foydali ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Unda 50 dan ortiq mutaxassislik fanlari bo‘yicha izlanuvchilar o‘z bilimlarini yuqori darajagacha oshirishlari mumkin.

Xon akademiyasida ham o‘quvchi, ham ota-ona, ham murabbiy sifatida ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati mavjud. Bunda agar siz ota-ona yoki murabbiy bo‘lib ro‘yxatdan o‘tsangiz farzandingizning o‘rganish jarayonini, qaysi sohada yaxshiroq ishlayotganini, nimalarda ko‘proq yutuqlarga erishayotganini ko‘rishingiz mumkin. Agar siz o‘quvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tsangiz barcha sohalarda bilimlaringizni mustahkamlashga va yangilarini malakali mutaxassislardan o‘rganishga imkon tug‘iladi.

Kurslar orqali 50 dan ortiq fanlarni o‘z profilingizga joylashingiz mumkin. Bolalar matematikasidan tortib murakkab darajaga ega bo‘lgan fizika, tibbiyot, axborot kommunikatsiya texnologiyalari, ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha MYSQL ORACLE zamonaviy dasturlash tillari, san’atshunoslik kabilar bu tizimda mujassam. Barcha rivojlangan davlatlar bu tizimdan o‘zlarining ta’lim sohalarida keng foydalanib kelmoqda. Masalan, quyidagi suratda AQSh davlatining ba’zi statistikalari keltirilgan.

Xon akademiyasi o‘z darslarini videolavhalar orqali o‘quvchilarga yetkazadi. Chunki o‘qishning eng muqobil yo‘li bu talaba o‘zi izlanib tushunmagan joylarini qayta va qayta o‘rganishidir. O‘qituvchilar yakka tartibda olib boriladigan repetitorlik samarali bo‘lishini uzoq vaqtdan beri bilishadi, ammo 1984 yilda ta’lim olimi Benjamin Bloom uning qanchalik samarali ekanligini aniqladi. U darsdan chetlatilgan va yakka tartibda o‘qitiladigan talabalar bo‘yicha metastudiya o‘tkazdi. Bloomning ta’kidlashicha, talabalarga yakka-yakka e’tibor berilsa, oddiy sinfda o‘tirgan tengdoshlariga qaraganda, yaxshi bajardilar. Xon akademiyasi ham aynan yakka tartibda o‘qitish orqali o‘quvchilarning bilimni oshirmoqda.

Namoz Pardayev,

Davlat bojxona qo‘mitasining Bojxona instituti kursanti.