Sobiq kuyov mast holda qaynonasini o‘ldirib qo‘ydi
19 aprel kuni Past Darg‘om tumanida yashovchi A.B. mast holatda sobiq turmush o‘rtog‘i Sh.R.ning Samarqand tumani “Qaynama” mahallasidagi uyiga farzandini ko‘rishga kelgan paytda qaynonasi A.G. uni farzandi bilan uchrashishga qarshilik qiladi. Oqibatda orada o‘zaro janjal yuzaga keladi va A.B. qo‘lidagi o‘roq bilan marhumaning ko‘krak va bel sohalariga qasddan urib, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazadi. Ko‘p qon yo‘qotgan A.G. hodisa joyida halok bo‘ladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, marhumaning o‘limi ko‘krak va bel sohasiga o‘n ikki marotaba teshib o‘tuvchi sanchilgan-kesilgan joydan o‘tkir qon yo‘qotishidan kelib chiqqan.
Voqea sodir bo‘lgan kuni bu yerga viloyat prokurori R.Masharipov, viloyat prokurori birinchi o‘rinbosari X.Qobulov, Samarqand tumani prokurori J.Sanayev, tuman IIB boshlig‘i A.Toshev hamda boshqa tezkor-tergov guruhi a’zolari yetib bordi. Hodisaning kelib chiqish sabablari tezkorlik bilan o‘rganildi.
Samarqand tumani prokurori tomonidan fuqaro A.B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, u Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlandi. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha Samarqand tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olindi.
Samarqand viloyati prokuraturasi axborot xizmati.