Sobiq talaba o‘zi tahsil olgan oliygohga 7 million so‘mlik kitob sovg‘a qildi

Samarqand davlat universitetining sobiq talabasi, 1977-1982 yillarda mexanika-matematika fakultetida tahsil olgan pastdarg‘omlik tadbirkor Baxtiyor Ergashev SamDUning 600 yillik to‘yiga 150 nusxa uch jildlik “Matematik analiz” darsligini sovg‘a qildi.

- Prezidentimizning 2020 yil 7 maydagi “Matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini o‘qib, juda quvondim, - deydi B.Ergashev. – Chunki matematikani bilmay turib, boshqa fanlarni o‘zlashtirib bo‘lmaydi. Dunyoqarashning kengayishi, fikrlashning rivojlanishi, to‘g‘ri qarorlar qabul qilishda, vaziyatni to‘g‘ri baholashda har bir kishi uchun matematikaning o‘rni beqiyos. Universitetning matematika fakultetida ishlaydigan kursdoshlarim bilan bo‘lgan bir suhbatda talabalar uchun matematika bo‘yicha zamonaviy darsliklarga ehtiyoj borligini bilib qoldim. “Demak, talabalarga kitoblar sovg‘a qilish kerak”, degan qarorga keldim va shu ezgu ishga qo‘l urdim.

Umumiy qiymati 7 million so‘m bo‘lgan yangi darsliklar talabalar uchun munosib sovg‘a bo‘ldi.