So‘fi Ollohyor, Shavqiy, Hakima, Miriy, Qori Muhammad ijodi ziyolilar e’tiboriga muhtoj

Yaqinda Toshkentda Milliy bog‘da yangitdan yaratilgan Adiblar xiyoboni to‘g‘risidagi telelavhani ko‘rib va unda davlat rahbarining ishtiroki hamda mulohazalaridan so‘ng ko‘nglimdan ana shu gap o‘tdi.

Darhaqiqat, adabiyotning qudratli so‘zi hamisha millat ma’naviyatiga asosiy manba bo‘lib kelgan. Shu bois nafaqat poytaxtda, balki viloyat va tumanlarda ham ulug‘ adiblar merosini o‘rganish zarurligi aytilganda, ich-ichimdan quvondim. Chunki bu ruhiyatimiz, hatto mentalitetimiz, dunyoga qarashimiz evrilayotgan bir paytda ma’naviy merosimizga tayanish, ulug‘larimizni ulug‘lash niyatlarimizni yanada teran, harakatlarimizni yanada shiddatli qiladi.

Shu o‘rinda bir mulohazam bor. So‘fi Ollohyor Samarqand farzandi, u ana shu tabarruk zaminda tug‘ilib voyaga yetgan va dunyo ma’naviyatiga “Maslak ul-muttaqiyn”, “Sabot ul-ojizin”, “Murod ul-orifin”, “Siroj ul-ojizin”, “Fazl ul-najot”, “Mag‘zan ul-mutiiy” asarlari bilan munosib hissa qo‘shgan. Shoir 1724 yilda Surxondaryoning Oltinsoy tumaniga qarashli Vahshimor qishlog‘ida vafot etgan. Bu yil alloma tavalludiga 375 yil to‘ldi.

1995 yilda Kattaqo‘rg‘on shahar drama teatrida So‘fi Ollohyorning 350 yilligi nihoyatda katta tantanalar bilan nishonlangan edi. Professor Inoyatullo Suvonqulov (joylari jannatdan bo‘lsin!) bu tadbirga bosh-qosh bo‘lib, ma’ruza qilgan edi. Menimcha, karantin cheklovlari olib tashlangach, yil oxirigacha bo‘lsa-da, allomaning yubileyini o‘tkazganimiz ma’qul. Shu o‘rinda, u tabarruk zotning tug‘ilgan joyi to‘g‘risidagi turli ma’lumotlarni ham aniqlash kerakka o‘xshaydi. Chunki bir manbada 1644 yilda Ishtixon tumanidagi Temiryor Ollohquli mullo Eshon xonadonida, ikkinchi manbada esa 1645 yilda Kattaqo‘rg‘on bekligiga qarashli Minglar qishlog‘ida dunyoga kelganligi aytilgan.

Yana bir gap, viloyat jamoatchiligi, ijodiy ziyolilari asrlar advomida ma’rifat maskani bo‘lib kelgan Kattaqo‘rg‘on shahrida yashab ijod qilgan Muhammadsharif Shavqiy Kattaqo‘rg‘oniy, Hakima, Ochildimurod Miriy, Qori Muhammad nomlarini ham abadiylashtirishga bosh qo‘shsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Erkatosh ShUKUROVA,

O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi a’zosi.