Turnaning minnatdorchiligi

(Yapon xalq og‘zaki ijodi)
Qadim zamonlarda tog‘ bag‘ridagi bir qishloqda kambag‘al chol bilan kampir yashagan ekan. Bir kuni chol o‘tin terish uchun toqqa chiqqanida bir turnaning oyog‘i bambukdan yasalgan tuzoqqa ilingan, tez-tez qanotlarini qoqib, chinqirib qiynalayotganini ko‘ribdi.
“Voh, bechora!”, deb chol tuzoqni yechib, turnani ozod qilibdi.
Turna ozod bo‘lishi bilan: “Koo, koo!” deb nola qilibdi-da, xursand bo‘lib, tog‘ ortiga uchib ketibdi.
Ertasi kuni kechqurun chol bilan kampir tariqdan tayyorlangan bo‘tqa yeb o‘tirishsa, «ton, toton» degan darvozaning taqillagan ovozi eshitilibdi. Kim ekan bu, deb chol darvozani ochsa, qarshisida notanish bir qizni ko‘ribdi.
Qiz cholga yo‘ldan adashgani va qorong‘i tushib qolganini aytib, bir kecha tunab qolishga ruxsat so‘rabdi.
- Voy, bu juda og‘ir holat bo‘libdi-ku, - deya mehribon chol bilan kampir qizni tunashga olib qolibdi.
Ertalab qiz hammadan oldin uyg‘onib, uyni supurib, o‘choqqa olov yoqib, barcha yumushlarni chaqqonlik bilan bajaribdi.
- Voy, uzr, uzr... - deb chol bilan kampir xijolat bo‘lishsa, qiz tabassum bilan:
- Yo‘q, men bu ishlarni qilishni yaxshi ko‘raman, - debdi.
Shunday qilib, qiz shu kuni ham tunab qolibdi. Oxiri, u shu uyning farzandiga aylanibdi. Farzandsiz chol bilan kampir tasodifan chiroyli, mehnatkash bir qizga ega bo‘lganidan quvonibdi.
- Ammo qizim, sen uyingga qaytmasang bo‘ladimi? - deb so‘rabdi ular.
- Shu yerda qolaman. Men yetimman, qaytadigan joyim yo‘q, - debdi qiz.
Oradan bir necha kun o‘tgach, qiz choldan bozordan ip sotib olib kelishini iltimos qilibdi.
- Men to‘qish bilan shug‘ullanaman, lekin iltimos, meni kuzatmang, - debdi u.
Shunday qilib, u orqa omborga kirib, «kii, tonton, kii, tonton» tovushlari ostida to‘qishni boshlabdi. To‘qilgan mato tayyor bo‘lgach, chol shaharga olib borib, uni juda qimmatga sotishga muvaffaq bo‘libdi. Xursand bo‘lgan chol qizga sovg‘a sifatida guldan yasalgan soch taqinchoq olib kelibdi.
- Rahmat, - deb quvongan qiz uni sochlariga taqibdi.
- Yana to‘qib beraman, - deb qiz yana to‘qishni boshlabdi.
Bu ish juda g‘alati tuyulibdi. Chol bilan kampir sekingina qarab qo‘yishibdi. Ko‘rishsa, omborda bir turna o‘z patlarini yulib, ularni matoga qo‘shib to‘qib yotgan ekan. Shuning uchun mato juda chiroyli chiqayotgan edi.
- Voy, bu o‘sha turna-ku! - deb beixtiyor chol baqirib yuboribdi.
Shunda turna «koo-koo» deb nola qilgancha, tog‘ tomonga uchib ketibdi. Orqada esa, faqat bitta guldan yasalgan soch taqinchoq yerga tushib yotar edi.
Yapon tilidan Ruxshona ERKINOVA tarjimasi.