Toshkentga sayohat manzur bo‘ldi

Yaqin orada Toshkent shahriga borganmisiz? Shaharning bugungi eng go‘zal va betakror go‘shalarini aylanib tomosha qilganmisiz? Osmono‘par, zamonaviy bino va inshootlaridan hayratlandingizmi? Qanday taassurot orttirdingiz? Zo‘r-a!!!
Yaqinda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” loyihasi doirasida kasaba uyushmalari tashkilotlari viloyat kengashi tashabbusi bilan korxona va tashkilotlar boshlang‘ich kasaba uyushma a’zolari va ularning oilasi vakillaridan iborat 50 kishi Toshkent shahriga 2 kunlik sayohatga borib keldi.
Erta tongdan mahalliy sayyohlar bilan to‘la zamonaviy avtobus Samarqand shahridan kasaba uyushmalari viloyat kengashi vakillari kuzatuvida yo‘lga otlandi. Qadim shaharning keng va ravon yo‘llari bo‘ylab o‘tar ekanmiz, avvalo, ko‘zimiz yo‘l yoqasida zamonaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan yangi turar-joy binolari, tadbirkorlik subektlariga tushdi. Cho‘ponota tepaliklaridan o‘tib, Zarafshon daryosi bo‘yida qurilayotgan Samarqand - Urgut temiryo‘li e’tiborimizni tortdi. O‘nlab maxsus texnikalar temir yo‘l uchun yo‘lak hozirlamoqda. Jomboydan to Jizzax dovonigacha bo‘lgan bog‘-rog‘lar, bino va inshootlar yo‘lovchilarning kayfiyatini ko‘tardi.
O‘n yillar ilgari Toshkent shahriga borishda yo‘lda zerikkanimdan uxlab ketgan edim, - deydi Narpay tumanidagi 16-maktab o‘qituvchisi Zarifa Sultonova. – Bu safar esa yo‘l infratuzilmasini ko‘rib, hayron qoldim. Ayniqsa, yashillikka burkangan intensiv bog‘lar, baliq parvarishlanayotgan hovuzlar, soya-salqin oshxona va bekatlarni ko‘rib, nahotki shu vaqt ichida shunchalik o‘zgarib ketgan bo‘lsa, deb o‘ylab qoldim. Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hududidagi biror qiziqroq narsani o‘tkazib yubormay, deb mijja qoqmay ketdim.
Tushga yaqin Toshkent shahriga kirib keldik. Respublika kasaba uyushmalari federatsiyasi qoshidagi “Sayohat sari” mehmonxonasiga joylashdik. Shinam xonalarimizda biroz dam olib, ovqatlandik. Tushlikdan so‘ng sayohatni G‘alaba bog‘i bilan tanishishdan boshladik. Tan olishim kerak, bu bog‘ qurilganiga besh yil o‘tgan bo‘lsa-da, endi borib ko‘rdim. Prezidentimiz tashabbusi bilan yaratilgan ushbu bog‘dagi eksponatlar Ikkinchi jahon urushida buyuk g‘alabaga ulkan hissa qo‘shgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining jasorati va matonati haqida hikoya qiladi. Toshkent shahrining Olmazor tumanida 14,7 gektar maydonda joylashgan mazkur bog‘ pandemiya sababli joriy etilgan karantin sharoitida bunyod etilgan. 2020-yil 9-mayda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini nishonlash doirasida G‘alaba bog‘i ochilgan.
- G‘alaba bog‘i yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan maskan bo‘libdi, - deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi So‘g‘diyona jamoat salomatligi texnikumi nuroniylar kengashi raisi Bahriddin Umarov. - Bu bog‘ urushning asoratlarini unutmaslikka, doimo ogoh bo‘lishga chorlaydi. Shuning bilan birga aholining mazmunli dam olish joyi, madaniy-ommaviy tadbirlar, ijodiy ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy uchrashuvlar maskani bo‘lib xizmat qiladi.
Bog‘ni aylanib yurar ekanmiz, sokin musiqa sadosi ostida yuz minglab navqiron vatandoshlarimiz jang maydonlarida qon to‘kib, jon berganliklari, ularning jasoratidan kam bo‘lmagan fidoyilik ko‘rsatgan front ortidagi xotin-qizlar, keksalar va yoshlarning chinakam qahramonliklari xalqimiz uchun shon-sharaf maktabi, g‘urur-iftixor manbai ekanligi to‘g‘risidagi so‘zlar jaranglab turardi.
Shundan keyin Mirzo Bobur ko‘chasida joylashgan “Icye sity” nomli ko‘ngilochar markazda bo‘lib, qishki o‘yinlar attraksionlari, figurali uchish va xokkey maydonchasi, chang‘i, konki va chanada uchish yo‘laklari kabi o‘nga yaqin ko‘ngilochar o‘yinlar guvohiga aylandik.
- Ayniqsa, jazirama issiq ko‘chadan kelib qolsang, chiqqing kelmay qolarkan, - deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali Jomboy tuman bo‘limi bosh muhandisi, guruh rahbari Jasur Mamarajabov. – O‘yin attraksionlarida uchib mazza qilasan, tanang yayraydi. Bu nafaqat bolalar, balki biz - kattalar uchun ham zavqli bo‘larkan.
Ertasiga Oqsaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov xotira muzeyi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Shuningdek, “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui hamda “Magic City” ko‘ngilochar maskanida bo‘ldik.
Samarqandlik sayyohlar kasaba uyushmalari viloyat kengashi tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlar tufayli Toshkent shahrining yana ko‘plab diqqatga sazovor joylarini bepul tomosha qilishdi, miriqib hordiq chiqarishdi. Xullas, shaharning go‘zal maskanlari, hashamatli saroylari, barpo etilayotgan binolar, muhtasham ko‘prik, tonnel va yo‘llar barchamizda katta taassurot qoldirdi.
Samarqandga bir olam quvonch bilan qaytib kelar ekanmiz, sayohatni tashkil etgan tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdik. Kasaba uyushmalarining xodimlar haqida doimiy qayg‘urishini ko‘rish bizga yanada kuch bag‘ishlaydi.
Tibbiyotda ko‘p sayohat qilish inson umrini bir necha barobar uzaytirishi tasdiqlangan. Har bir inson o‘z yaqinlari, oilasi, hamkasblari, do‘stlari bilan sayohatga chiqishni, unutilmas damlarni boshdan o‘tkazishni xohlaydi. Rost, shunday kunlar butun umr yodda qoladi.
Dilmurod TO‘XTAEV,
Samarqand-Toshkent- Samarqand.