Toshkent investitsiya forumi Samarqandga nima berdi?

Joriy yilning 10-12-iyun kunlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumida viloyatimiz vakillari xalqaro hamda mahalliy kompaniyalar bilan samarali B2B hamda G2B uchrashuvlar o‘tkazdi.

Forum doirasida viloyat hokimi o‘rinbosari Oybek Hamroev 20 dan ortiq xalqaro kompaniya vakillari bilan muloqot qildi.

Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi Jiangsi provinsiyasi sanoat va savdo uyushmasi ijrochi raisi Fan Yuxu bilan ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollarini muhokama qildi. Uchrashuvda Jiangsi provinsiyasining yirik sanoat korxonalarini Samarqandning iqtisodiy va infratuzilmaviy imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, qurilish, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, “CHINA TOBACCO” korxonasi ta’sischilari bilan viloyatda tamaki yetishtirish hamda tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Forum yakunida viloyatimizda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun umumiy qiymati 250 million dollarga yaqin shartnomalar imzolandi.

Jumladan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan Samarqand shahridagi “MEROS PHARM” MChJning “farmasevtika faoliyatini kengaytirish loyihasini moliyalashtirish uchun 25 million dollar miqdorida pul mablag‘i ajratish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 

Viloyat investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmati.