Xatlov o‘tkazishdagi sustkashlik kadastrga bog‘liqmi yoki...

“O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonunga asosan 2024-yil 8-noyabrdan hududlarda xatlov ishlari olib borilmoqda. Biroq xatlov ishlari belgilangan rejadan ancha ortda qolayotgani kuzatilmoqda.
Ayrimlar mutaxassis yetishmovchiligini vaj qilib ko‘rsatishsa, soha xodimlari biriktirilgan idoralarning ko‘maklashmayotgani, xonadonlarni o‘rganishda muammolar ko‘pligini aytishadi.
Holatni o‘rganish uchun 77 mahalladan iborat Samarqand tumanida bo‘lib, jarayonda bevosita ishtirok etdik.
- Ikkita mutaxassis bitta guruh bo‘lib xatlov o‘tkazishi belgilangan mahallalar kichik hudud, 2-4 ta ko‘cha guzar (poligon)ga bo‘lingan va biz o‘sha poligonlardagi xonadonlarning tashqi qismi, uy-joyning chegaralari yo‘l o‘lchamlarini aniqlab, topografiya ishlarini olib boramiz, - deydi Kadastrlar palatasi tuman bo‘limi topografi Furqat Soliyev. – Keyin texnik mutaxassislar uy-joyning ichki qismini o‘lchab, bizning chizmaga qo‘shadi. Suv yo‘li o‘tgan bo‘lsa, xonadon va ko‘chaga qo‘shmagan holda alohida ajratib ko‘rsatamiz. Andijoni mahallasida xatlov ishlarini boshlaganimizga 20 kundan oshdi, hali yana 2 haftaga yaqin shu mahallada ishlaymiz. Chunki, birinchidan, katta va eski mahalla, xonadonlar zich joylashganligi uchun murakkabligi yuqori hisoblanadi.
Rejaga ko‘ra, tumanda 2024 yil noyabr, dekabr oylarida Bo‘zi, Angorolmos va Andijoni mahallalarida, 2025 yilda esa tumandagi 16 ta mahallada xatlov o‘tkazish belgilangan. Biroq ishning murakkabligi, texnika, kadrlar yetishmovchiligi, xonadonlarga kirib o‘lchov o‘tkazishdagi qiyinchiliklar, qonun bilan biriktirilgan va kadastr xodimlariga yordam berishi ko‘zda tutilgan tashkilot vakillarining beparvoligi tufayli 2024 yil noyabr, dekabr oylariga belgilangan mahallalarning xatlov ishlari 2025 yil iyun oyida yakunlanarkan. Mutaxassislarning aytishicha, 2025 yil uchun belgilangan 16 ta mahallada xatlov o‘tkazish ishlari iyun oyida boshlanadi. Ikki nafar topograf xodim, bitta tahometr uskunasi bilan 1500 ga yaqin xonadoni bor mahallada bir oydan ortiq xatlov o‘tkazsa rejadagi boshqa mahallalarga qachon navbat keladi? Balki bu masalaning yechimi sifatida qo‘shimcha xodim jalb qilish kerakdir.
Jarayonni bevosita kuzatish uchun ikkita xodimdan iborat bitta guruhning ishi bilan tanishdik.
- Andijoni mahallasida yashovchi Martaba Ma’diyeva xonadonida xatlov o‘tkazish uchun soat 10:30 da kelgan edik, hozir soat 12:10 bo‘ldi va biz o‘lchash ishlarini yakunladik, - deydi Kadastr palatasi Samarqand tuman filiali muhandisi Zarshed Rahmonov. – Kuniga har bir xodim uchun kamida uchta xonadonda xatlov o‘tkazish rejasi berilgan va ikkita mutaxassis guruh bo‘lib ishlagani uchun kuniga 6 ta xatlovni yakunlashi lozim. Lekin buning uchun kuniga kamida 12-15 ta xonadonning eshigini taqillatamiz. Afsuski, ayrim xonadonlarda hech kim yo‘q, boshqasida uyning kattalari bo‘lmaydi, ayrimlari kechqurun kelishimizni aytishadi va shunga o‘xshash holatlar ko‘p uchraydi. Bu kabi holatlar bo‘lmasligi uchun qonun bilan mas’ul idoralarning vakillari ham xatlov ishlariga ko‘maklashishi belgilangan. Ammo hozirgacha mahalla raisini telefon qilib ham chaqirolmadik, “mahalla yettiligi”ni ko‘rmadik ham. Agar ular ko‘mak bersa, 2024 yilga belgilangan reja hozirgacha cho‘zilib ketmasdi.
Bitta xonadonni to‘liq xatlovdan o‘tkazishga kamida 1,5 soat, ayrim katta hovli-joylar uchun 2 soat vaqt ketadi. Lekin bu bilan ish yakunlanmaydi. Xatlov o‘tkazilgan xonadonning chizmalarini tayyorlab “abrets”ni dasturga yuklaymiz, keyin 3-4 soatda kadastr idorasidagi 8 ta mutaxassis ko‘rib chiqadi va e’tirof dasturiga ariza ochiladi. Shundan so‘ng jarayonga biriktirilgan 22 ta tashkilot ikki oy davomida ko‘rib, ijobiy yoki salbiy xulosa beradi.
Hozir marhum Rabbim Muhammadiyevning xonadonida xatlov o‘tkazdik. 1980 yilda qurilgan bu xonadonda 11 kishi yashaydi, lekin inventar hujjati yo‘qligi va bazada soliq to‘lovchi sifatida chiqmagani uchun biz yangi xonadon sifatida qayd etdik. Umumiy 680 kvadrat metr maydonda joylashgan bu xonadonning 400 kvadrat metr qismida 15 ta yashash xonasi, qo‘shimcha qurilmalar mavjud. Onaxonning aytishicha, kolxoz qarori yo‘q, lekin har yili soliq to‘laydi. Xatlov natijalariga ko‘ra, yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i o‘tmagan, qo‘shnilari bilan nizosi bo‘lmagan, aholi punktida joylashgan shu kabi xonadonlar e’tirof etilib, uy-joylarining qonuniy ro‘yxatga olinishiga asos bo‘ladi.
Jarayonga jiddiy yondashish va sohaga qo‘shimcha kadrlar jalb etish lozimligini inobatga olib Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 27 mayda “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi Qonunini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Ya’ni, shartnoma asosida kadastr idoralariga qo‘shimcha ishchi kuchi jalb qilinib, xatlov tezlashtiriladi.
Hozirda qo‘shnilar orasida chegara talashish, yo‘lga chiqib bino qurish, boshqaning manfaatiga zarar yetkazgan holda qurilish qilish bilan bog‘liq nizolar ko‘p uchraydi. Xatlov ishlari to‘liq yakuniga yetib, barcha ob’yektlarning chegara va hududlariga aniqlik kiritilgach, bu kabi nizolar barham topardi. Buning uchun jarayonning tezlashtirish va belgilangan vaqtda xatlov ishlarini yakunlash talab etiladi.
O‘ktam Xudoyberdiyev.