Sog‘ bo‘lay desang yur – sog‘lom bo‘lay desang yugur

Bu gaplar bugun erta tongdan Samarqand tumanida “Korrupsiyadan xoli Yangi O‘zbekiston uchun birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan yurish marafonida aytildi.
Qariyb 1000 nafarga yaqin aholi tumandagi Arabxona mahallasi chorraha qismining Samarqand ko‘chasi kesishmasida harakatni boshladi. Unda tuman hokimligi, korxona va tashkilotlar rahbarlari, nuroniylar va yoshlar, xotin-qizlar ishtirok etdi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab 2 kilometrdan ko‘proq masofani bosib o‘tdi. Unda ishtirok etgan tuman hokimi Sirojiddin Usmonov aholi bilan yo‘l-yo‘lakay gaplashib, ba’zi masalalar yechimini bildirdi.
Marafon qatnashchilari 3-maktab hududiga yetib borgach, sport murabbiyi boshchiligida ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlarini bajardi.
- Bu kabi ommaviy sport tadbirlarini tumanimizning barcha hududlarida xaftada bir bor o‘tkazib borsak, sog‘lom turmush tarziga hissamizni qo‘shgan bo‘lamiz, - dedi tuman hokimi S.Usmonov. – Mashg‘ulotlarni erta tongdan doimiy bajarib borsak, kun davomida tetik bo‘lish barobarida ishchanlik qobiliyatimiz ham oshib boraveradi.
Tadbir davomida varkaut maydonchasida keksalar mashq bajarishdi, yoshlar futbol va shu kabi sport turlarini davom ettirishdi, hokim va ishtirokchilar - keng jamoatchilik vakillari maktab o‘quvchilarining yerga chizgan rasmlaridan bahramand bo‘lishdi.
Husan Eltoyev.