Sog‘lig‘im uchun o‘zimdan ham ko‘proq qayg‘urganlar bor (Audio)

Yosh bo‘lishimga qaramay, taqdirning ko‘p sinovlarini boshimdan kechirdim.

Uch oylik chaqaloqligimda onamdan ayrilganman, shuning uchun xolamning qo‘lida katta bo‘ldim. Ikki akam otam bilan qolgan.

Vaqti kelib, turmush qurdim, ikki farzandli bo‘ldim, ammo ikkinchi farzandimning sog‘ligi yomonlashib, vafot etdi. Ona uchun farzandini tuproqqa qo‘yishdan og‘iri bo‘lmasa kerak. Bu g‘amdan shunchalik kuydimki, nazarimda, bu sog‘ligimga ham ta’sir qildi.

Oradan yillar o‘tib, ko‘krak saratoniga chalinganimni bilib qoldim. Bu orada homilador bo‘ldim, farzandim tug‘ildi. Ammo xastaligimni davolash uchun yetarli mablag‘im bo‘lmagani tufayli ahvolim kundan-kun og‘irlashdi. Chaqalog‘imni tibbiy ko‘rikka olib borganimda, shifokorlar ahvolim yomonligini aytishdi. Paxtachi tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi viloyatdan do‘xtirlar kelayotganini aytib, ko‘rikdan o‘tishga undadi.

Viloyat onkologiya shifoxonasidan kelgan shifokor bepul davolanishim uchun imkon borligini aytdi. Yo‘l xarajatlarini tuman tibbiyot birlashmasi ko‘tardi. Hatto, oylik chaqalog‘imni qarindoshimga emas, patronaj hamshiraga qoldirdim. U bolamni davolanib kelgunimga qadar o‘z farzandiga qaraganday parvarishladi. Viloyatdagi onkologiya shifoxonasida bosh shifokorning o‘zi ahvolimni nazorat qilib turdi. Hozirda sog‘lig‘im yaxshi. Mening salomatligim uchun o‘zimdan ham ko‘proq qayg‘urgan rahbarlarimizga, shifokorlarga mingdan ming rahmat aytaman.

Boringizga shukur, yaxshilar!

Laylo YuSUPOVA,

Paxtachi tumani, Jala mahallasi.